Parij-2024 litsenziatlari: Taxmina Ikromova. Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekistonga ilk yo‘llanmani taqdim qilgan samarqandlik sportchi
26 iyuldan 11 avgustga qadar Fransiyaning Parij shahrida yozgi olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi. Musobaqada yurtimiz sharafini himoya qiladigan samarqandlik sportchilar soni hozircha 14 nafarga yetdi. Sportchilarimiz va ularning erishgan yutuqlari haqida kanalimizda ma’lumotlar berib boramiz.
Taxmina Ikromova O‘zbekistonga ilk yo‘llanmani taqdim qilgan. U 2004 yil 6 avgust kuni Samarqandda tug‘ilgan. Badiiy gimnastika bo‘yicha 2016 yildan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. Murabbiyi Liliya Vlasova. 2021 yildan xalqaro maydonda muvaffaqiyatlarga erishishni boshlagan. Shu yili u Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida 1 ta oltin va 3 ta kumush medalga sazovor bo‘lgan.
Hozirgacha uning hisobida qit’a birinchiliklarining 11 ta oltin va 4 ta kumush medallari mavjud. Jahon kubogi bosqichlarida esa 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini jamg‘argan.
Taxmina Xanchjou-2022 yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining qahramonlaridan biriga aylandi. U yakkalik va jamoaviy dasturlarda chempionlik shohsupasiga ko‘tarilib, delegatsiyamizga 2 ta oltin medalni taqdim qildi. Ko‘rsatgan natijalari evaziga 2023 yil “O‘zbekistonning eng yaxshi ayol sportchisi” deb topildi.
Taxmina 2023 yil avgust oyida Ispaniyaning Valensiya shahrida o‘tgan jahon chempionati orqali Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga ilk yo‘llanmani olgan.