Olimpiya zaxiralari kollejida sportchilar uchun qulayliklar yaratildi
Navro‘z bayrami munosabati bilan Toyloq olimpiya zaxiralari kollejining asosiy o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
3,3 milliard so‘m mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilingan mazkur ta’lim muassasasida sportchilar uchun barcha qulayliklar yaratildi.
Binoning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbirda Toyloq tumani hokimi B.Bobonazarov hamda viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev sportchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida so‘z yuritdi.
Tadbirga kelgan ko‘p karra jahon va qit’a chempionlari, faxriy va yosh sportchilar o‘quv binosida yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.
***
O‘zbek jang san’ati
Samarqand shahrida O‘zbek jang san’ati bo‘yicha bolalar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida “Samarqand viloyati hokimi kubogi” uchun musobaqa o‘tkazildi.
Unda barcha shahar va tumandan 380 nafarga yaqin sportchi o‘zaro bahsga kirishdi. Chempionat yakuniga ko‘ra, medallar jamg‘arish bo‘yicha Samarqand shahrining “Sherdor” jamoasiga teng keladigani topilmadi. Ikkinchi o‘ringa Samarqand tumanining “Kamolot” jamoasi, uchinchi o‘ringa Samarqand shahrining “Amir Temur” jamoasi loyiq topildi.
Yakkalik bellashuvida Ismoil Mustafoyev, Mohinbonu Polvonqulova, Jahongir Musurmonov, Shahrizoda Rustamova, Muhammadali Abdusaidov, Isomiddin Bahromovlar eng yaxshi natija qayd etdi.
Musobaqa g‘oliblari orasidan shu yilning aprel oyida Qarshi shahrida o‘tkazilishi kutilayotgan respublika birinchiligi uchun sportchilar saralab olindi.
***
Muaytay
Samarqand shahr 1-son bolalar-o‘smirlar sport maktabida muaytay bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Respublikaning barcha viloyatlaridan kelgan 500 nafardan ortiq yosh sportchilar birinchilik uchun bahs olib bordi.
Chempionat yakuniga ko‘ra, viloyatimiz muaytaychilari medal jamg‘arish bo‘yicha peshqadam bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent shahridan kelgan sportchilar egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin buxoroliklarga nasib etdi.
Husan Eltoyev.