Oliy Majlis deputatlari Samarqanddagi ayrim ta’lim-tarbiya maskanlarining yutuq va kamchiliklarini o‘rgandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zLiDeP Samarqand viloyati Kengashi a’zolari partiya faollari Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida deputat N.Rizayev mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, ayniqsa malakali oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashni jadal rivojlantirish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida muayyan ishlar olib borilayotganligiga to‘xtaldi.
Qayd etganidek, tizimda olib borilayotgan islohotlar natijasida bugungi kunda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Payariq, Oqdaryo va Urgut tumanlarida 10 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari hamda ularning filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialida bugungi kunda 2 ta fakultet, 5 ta kafedra, 16 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, 2 039 nafar (bakalavriat kunduzgi 1 778 nafar, sirtqi 261 nafar) talaba tahsil olmoqda. Filialda o‘tgan yili professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar tomonidan 5 ta darslik, 3 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta monografiya, “Web of Science”, “Scopus” xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalari ilmiy jurnallarida 24 ta maqolalar nashr etilgan bo‘lib, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi tomonidan 1 ta ixtiro uchun patent, 2 ta mualliflik guvohnomasi, 2022 yilda 3 ta, 2023 yilda 4 ta mualliflik guvohnomalari olingan.
Tadbirda institut o‘qituvchi va talabalarning taklif va mulohazalari eshitildi.
Deputatlar, shuningdek, Samarqand davlat chet tillar instituti Narpay xorijiy tillar fakultetida professor-o‘qituvchilari hamda talaba yoshlar bilan uchrashdi.
Tadbirda so‘z olganlar yurtimizda xususiy ta’lim muassasalariga qamrab olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr-mulohazalar bildirildi va institut faollarining, yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi.
Institut dekani Xusniddin Mamaniyozov talaba yoshlarni yotoqxona bilan ta’minlash taklifini bildirdi. Mazkur masala deputat N.Rizayev tomonidan nazoratga olinib, ijobiy yechim topilishi bildirildi.
Oqtosh shaharchasida joylashgan davlat xususiy sherikchilik asosidagi “Oqtosh ko‘zmunchoqlari” NMTTdagi uchrashuv ham mazmunli kechdi. Bolalar va tarbiyachilar deputatlar bilan muloqotda bo‘ldi.
4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga bunyod etilgan mazkur ob’yekt, Z milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari hisobidan qurilgan.
- Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida hozirgi kunda 25 nafar ishchi-xodimlar faoliyat olib bormoqda, - deydi NMTT mudirasi Madina Shamsiddinova. - Bu yerda tashkil etilgan guruhlarda bugungi kunda 150 nafar bolajon tarbiyalanadi. Ularning 25 foizi bog‘chaga imtiyozli tarzda qabul qilingan. Bog‘chada gimnastika, ingliz va rus tillari, mental arifmetika bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari chuqurlashtirilgan holda olib borilyapti
Uchrashuv davomida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar hech shubhasiz, maktabgacha ta’lim sohasiga ham taalluqli bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi ishlar Narpay tumanida ham yo‘lga qo‘yilganligi mazkur NMTT faoliyatida ham yaqqol ko‘zga tashlanayotganligi ta’kidlandi.
Abdulaziz Yo‘ldoshev.