Oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi joriy qilinadi

Ma’naviyat har qanday zamonda insoniyatning birlamchi va asosiy ehtiyoji bo‘lib, unga hamisha zarurat seziladi. Ma’naviyat – go‘zal sabrni, nafsni tiyish va yengishni, umuman barcha illatlarga qarshi tura olishni o‘rgatadi.

O‘z tarixi, ilm-fani, qadriyatlariga tashna xalq uchun ma’naviyatning singdirilishi yaxshi natijalarga olib kelishi zarur edi. Ammo mustaqillikdan keyingi yillarda ham bu boradagi ehtiyojlar to‘laqonli qondirilmadi. Ma’naviyat - oliy axloqiy tushunchalar majmui sifatida qaraldi.

Oxirgi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda bong urib, aholini o‘ziga jalb etib kelayotgan, turli ko‘rinish va mazmundagi e’tirozlarga sabab bo‘layotgan “ma’naviyat” tushunchasi inson yaralgandan buyon uning ruhiyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan zaruratdir. Tor ma’noda, ma’naviyat har bir inson bilan birgalikda tug‘iladi: dunyoga kelgan go‘dak ruhiyati pokiza, fitrati toza bo‘ladi. U oila va jamiyat, moddiyat va ilohiyot ta’sirida shakllanadi, rivojlanadi, o‘zgaradi, o‘sadi. Bu ma’naviyatning individual jihatlari sanaladi. Keng ma’noda esa, ma’naviyat umumiylikni, milliylikni, davomiylikni, barqarorlikni namoyish qiladi.

Jamiyatda ma’naviyatni yuksaltirish tezda amalga oshadigan ishlar sirasiga kirmaydi. Ma’naviyatni yuksaltirish uchun, avvalo, sharoit yaratish zarur. Aynan shu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi va topshiriqlar berilishi ma’naviyatni yuksaltirishga qaratilgan e’tibordan dalolatdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida “Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi, deymiz. Lekin, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda bu qoidaga amal qilinmayapti. Bu borada bog‘cha, maktab, oliy ta’lim, mahalla – har biri alohida ish olib boryapti. Shuning uchun ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, unda har bir mas’ul idoraning vazifasi va birgalikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarini aniq belgilab qo‘yish zarur”ligini ta’kidlab o‘tdi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan asosiy masalalardan biri shu yildan boshlab, ma’naviyat va ma’rifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish, bu yo‘nalishda yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlarning berilishi, oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi joriy qilinishi bo‘ldi.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlarga e’tiborning yanada kuchayishi oliy ta’lim tizimida jismonan sog‘lom, aqlan yetuk, dunyoqarashi teran va mustaqil fikrlovchi barkamol yoshlarning ko‘payishiga olib keladi.

Zayniddin Qarshiyev,

TATU Samarqand filiali direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi.