Oliy ta’lim muassasasida yakuniy nazoratlar boshlandi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida 1 iyundan boshlab 1-3 bosqich kunduzgi bo‘lim talabalari 2019-2020 o‘quv yili ikkinchi yarim semestr fanlaridan yakuniy nazoratlarni masofadan, test sinovlari asosida topshirmoqda.
Sirtqi bo‘lim talabalari va qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirib kelgan talabalar ham masofaviy elektron ta’lim tizimida fanlarni o‘zlashtirmoqda.
O‘quv yilining ikkinchi yarmida filial professor-o‘qituvchilari hamda talabalari o‘rtasida masofaviy elektron ta’limni sifatli tashkil etishga katta ahamiyat berildi, elektron jurnallar asosida davomatlar nazorati olib borildi va elektron qaydnomalarda oraliq nazorat ballari qayd qilindi.
Filialda 2019-2020 o‘quv yili yakunlari bo‘yicha magistrlik dissertatsiyasi himoyalari joriy yilning 15 iyun kunidan boshlanadi.
Kompyuter injiniringi (kompyuter tizimlarini loyihalashtirish) mutaxassisligi bo‘yicha 8 nafar magistrant hamda telekommunikatsiya injiniringi (teleradioeshittirish) 3 nafar, jami 11 nafar magistr masofaviy videokonferensiya orqali dissertatsiya himoyalariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Abdug‘afur HOTAMOV,
TATU Samarqand filiali matbuot kotibi.