Oliy ta’limda inklyuzivlik - imkon va eshiklar hammaga ochiq

Inklyuziv ta’lim – bu imkoniyati cheklangan shaxslarning ta’limning barcha bosqichlarida teng huquqli ishtirokini ta’minlovchi yondashuvdir. Bu tizimda nogironligi bo‘lgan yoshlar alohida emas, balki umumiy o‘quv jarayonining ajralmas qismi sifatida qaraladi. Farq qilish – bu to‘siq emas, aksincha o‘rganish, bag‘rikenglik va rivojlanish manbai hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasida inklyuziv ta’limni joriy qilish borasida so‘nggi yillarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021 yilda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi qonun, 2020 yilda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining ratifikatsiyasi, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi – 2026 yilda inklyuziv ta’lim alohida yo‘nalish sifatida belgilangani bu boradagi e’tiborni oshirgan muhim huquqiy asoslardandir.

O‘zbekistondagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalari qatori Samarqand davlat chet tillar instituti ham inklyuziv ta’limni joriy qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Hozirgi kunda institutda 108 nafar nogironligi bo‘lgan talaba tahsil olmoqda. Ulardan 12 nafari I guruh nogironligiga ega bo‘lgan talabalar bo‘lsa, 96 nafari esa II guruh nogironligi bo‘lgan yoshlar hisoblanadi. Bu talabalar umumiy ta’lim jarayoniga integratsiyalashgan bo‘lib, ular uchun zaruriy sharoitlar yaratish yo‘lida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Inklyuziv ta’lim samaradorligini oshirishda muhim omillardan biri bu – o‘qituvchilarning tayyorgarligi. Shu maqsadda joriy yilning yanvar oyida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasarrufidagi Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti tomonidan maxsus “Oliy ta’limda inklyuziv ta’limni tashkil etish asoslari” kurslari tashkil etildi.

Mazkur kurslarda Samarqand davlat chet tillar instituti professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etib, inklyuziv ta’limning zamonaviy metodikasi, yondashuvlari va psixopedagogik asoslari bo‘yicha bilimlarini oshirdilar. Kurs yakunida deyarli barcha ishtirokchilar muvaffaqiyatli sertifikatlarni qo‘lga kiritib, endilikda dars jarayonlarida nogironligi bo‘lgan talabalar bilan ishlashda yuqori darajada malakaga ega bo‘lib chiqishdi.

Bugungi kunda ta’limda tenglik va ochiqlik – demokratik jamiyatning asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi. Inklyuziv ta’lim nafaqat nogironligi bo‘lgan talabalar uchun, balki butun ta’lim tizimi va jamiyat madaniyati uchun muhim qadriyatdir. Har bir insonning o‘qish, rivojlanish va jamiyatda o‘z o‘rnini topish huquqiga ega ekani – amaliyotda ham o‘z aksini topmog‘i kerak.
Inklyuziv ta’lim – bu alohida bir ixtisoslashgan tizim emas, balki butun ta’lim tizimining integratsiyalashgan va adolatli modelidir. Institutda amalga oshirilayotgan ishlar bu borada namunaviy yo‘l bo‘lib xizmat qilmoqda. Kelgusida bu tajribani boshqa oliy ta’lim muassasalariga ham keng joriy etish inklyuziv jamiyat sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ladi.

Umida Ro‘ziyeva,
Samarqand davlat chet tillar instituti Narpay xorijiy tillar fakulteti o‘qituvchisi.