Oliygoh saytining mobil versiyasi ishga tushiriladi

Kecha, 8 yanvar kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali direktori talaba-yoshlar bilan uchrashdi. Filial direktori talabalarni qiynab kelayotgan muammolarni tinglab, ularga yechim topishda yordam berishini aytdi.

- Endi haftaning har chorshanba kuni talaba-yoshlar kuni bo‘ladi. Talabalarni yig‘ib, minbarda soatlab nutq so‘zlamasdan, o‘quv xonalariga kirgan holda har bir talabani tinglaymiz, - dedi filial direktori O.Murtazayev. – Ularning har bir taklifini qo‘llab-quvvatlayman. Yoshlarning innovatsion g‘oyalari ko‘p. Faqat biz ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olishimiz kerak. Shu bilan birga ta’lim jarayonida korrupsiyaning oldini olish maqsadida tizimli loyihalar ishlab chiqishimiz zarur.



- Talabalarning zamonaviy ta’lim olishida qulaylik yaratish maqsadida o‘qitiladigan mavjud fanlarning o‘quv-uslubiy majmualari 100 foiz elektron ko‘rinishga o‘tkazildi. Bu biz uchun juda katta qulaylik yaratdi. Faqat bizda internet sifati pastligi bois filial saytiga kirish biroz qiyinchilik tug‘diryapti. Bunga qanday amaliy yechim izlanmoqda? - deya murojaat qildi filial talabasi Mehroj Sobirov.

- Ushbu qiyinchiliklarni inobatga olgan holda filial saytining mobil versiyasi yaratildi va hozirda bu sinovdan o‘tkazilmoqda, - dedi direktor. - Saytning mobil versiyasida saytga kirish, ma’lumotlarni yuklab olish ham ancha qulay. Buning uchun talabalar ushbu mobil versiyani yuklab olishsa bas.

Uchrashuvda talabalar tomonidan yo‘llangan turli savollar, ta’lim sifatini oshirish yuzasidan taklif va mulohazalar tinglandi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali matbuot xizmati.