Tanamiz haqida biz bilmagan qiziqarli ma’lumotlar

Tabiatdagi barcha narsa kabi inson tanasi mukammal yaratilishi va ishlashi bilan hayratimizni uyg‘otadi. U 100 trillion hujayra, 22 ichki organ va miyadan kelgan buyruqlarni bajaradigan 640 mushakdan iborat.
Ushbu maqolada, tanamiz, shuningdek, uning ba’zi xususiyatlari haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.
Inson tanasi 60 foiz tana bo‘ylab notekis taqsimlangan suvdan iborat. Yog‘li to‘qimalarda 20 foiz, suyaklarda 25 foiz, jigarda 70 foiz, mushaklarda 75 foiz, qonda 80 foiz va miyada 85 foiz suv bor. Bu yerda gap nafaqat suvning miqdori, balki uning “qadoqlangani” haqida ketmoqda.
Tanamizni tashkil etuvchi elementlar qatorida eng muhim rol kislorod, uglerod va vodorodga berilgan. Katta yoshli odam tanasida ularning taxminan 70 kilogrammi bor. Bundan tashqari, suyak tarkibiga kiradigan va uning kuchini ta’minlab beradigan vazni deyarli 2 kilogrammga teng juda ko‘p kalsiy va fosfor, bir necha o‘n gramm miqdorda kaliy, oltingugurt, natriy, xlor hamda gemoglobinning bir qismi hisoblanadigan 6 gramm temir mavjud.
Tinch holatdagi odam kuniga bir daqiqada 12-20 marta nafas olib va chiqarib, 400-500 litr kislorod iste’mol qiladi.
Taqqoslash uchun: otning nafas olish tezligi daqiqada 12, kalamushniki 60, kanareykaniki 108 ta.
Katta odam yuragi kuniga taxminan 10 ming litrgacha qonni haydaydi. Bir zarbada aortaga taxminan 130 millilitr qon chiqariladi. Tinch holatdagi tomirning normal tezligi daqiqada 60-80 urishni tashkil qiladi, ayollarning yuragi erkaklarnikiga qaraganda daqiqada 6-8 marta tezroq uradi. Og‘ir jismoniy zo‘riqish paytida yurak urish tezligi daqiqada 200 marta yoki undan ko‘proq tezlashishi mumkin.
Taqqoslash uchun: filning yurak urish tezligi daqiqada 20, buqada 25, qurbaqa (sovuq qonli hayvon)da 30, quyonda 200, sichqonchada daqiqasiga 500 zarbadan iborat.
Inson tanasidagi qon tomirlarining umumiy uzunligi taxminan 100 ming kilometrni tashkil qiladi. Har bir qizil qon hujayrasida 270 million gemoglobin molekulasi bor.
Katta yoshli odamning suyak iligi o‘rtacha 2600 grammni tashkil qiladi. 70 yillik hayot davomida u 650 kilogramm eritrotsit va bir tonna leykotsitlarini ishlab chiqaradi.
Barcha neyronlarning yarmidan ko‘pi miya yarim sharlarida to‘plangan. Bosh miya qobig‘ining umumiy maydoni 1468 dan 1670 kvadrat santimetrgacha bo‘lishi mumkin. Bir daqiqada miya orqali 740-750 millilitr qon oqib o‘tadi.
Inson ko‘zi 130-250 sof rang ohanglari va 5-10 million aralash rang turlarini ajrata oladi. Ko‘zlarimiz yiliga 10 million martadan ko‘proq miltillaydi. Ayollar erkaklarga qaraganda ikki baravar ko‘proq ko‘z ochib yumadi.
Boshdagi sochlarning o‘rtacha soni: sarg‘ish sochlilarda - 140 ming, qora sochlilarda - 102 ming, jigarrang sochlilarda - 109 ming, qizil sochlilarda - 88 ming. Sochlar kuniga 0,35-0,40 millimetr tezlikda o‘sadi.
Inson tanasidagi eng kuchli mushak til bo‘lib, unda 900 ga yaqin ta’m sezish retseptorlari mavjud. 5 kvadrat santimetr joyni egallaydigan burunning hid bilish zonasida bir millionga yaqin hid bilish nerv tolalari joylashgan. Hid hissi paydo bo‘lishi uchun kamida 40 ta nerv tolalari ishga tushishi lozim.
Qo‘l tirnoqlari kuniga 0,086 millimetrga, oyoq tirnoqlari esa 0,05 millimetrga o‘sadi. Har yili barmoqlarda taxminan ikki grammdan ortiq tirnoq o‘sadi. Eng tez o‘sadigani o‘rta barmoqdagi tirnoq.
Tana vaznining 1 foiziga teng suv yo‘qotilishi chanqoqlik hissini keltirib chiqaradi. 5 foizdan ortiq namlik yo‘qotilsa, odamni hushidan ketishga, 10 foizdan ko‘prog‘i esa suvsizlanishdan o‘lim holatiga olib kelishi mumkin.
Va nihoyat, tabassum qilish uchun 17 ta, qovoq solish uchun esa 43 ta mushak ishga tushishini bilarmidingiz? Shu sababli ajinlarni kamaytirish va kayfiyatingizni oshirish uchun tez-tez tabassum qilib turing... Bu foydali!
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.