Sog‘lom turmush tarzi faqat shaxsning salomatligiga emas, mamlakat iqtisodiyotiga ham ta’sir ko‘rsatadi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n birinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Kengash raisi Shuhrat Negmatov boshqargan sessiya ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Iminov ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, dastlab aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyevning hisoboti va viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Olim Sobirovning axboroti tinglandi.

– Sog‘lom ovqatlanish, faol harakatli turmush va badantarbiya, kun tartibini oqilona tashkil qilish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish, zararli odatlardan tiyilish, tana  vaznini me’yorda ushlash, xonadon va atrof-muhitning tozaligi, sog‘lom turmush tarzi borasida  bilim va malakaga ega bo‘lish sog‘lom turmush tarzining asosiy talablari hisoblanadi, – dedi S.Zayniyev. – Viloyatimizdagi tibbiyot muassasalari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan birga sog‘lom turmush tarzini ham keng targ‘ib etib kelmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 606 mingdan ortiq aholi yurak qon-tomir hamda endokrinologik kasalliklar bo‘yicha skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilganda ulardan 14 mingga yaqinida qandli diabet, 24 ming nafarida semizlik, 21,7 ming nafarida qondagi xolesterin yuqoriligi, 32 ming nafarida yuqori arterial bosim, 18 ming nafarida ortiqcha vazn hamda 12,5 ming nafarida yurak qon-tomir kasalliklari aniqlandi. Aholini salomatlik ko‘rsatkichlari tahlil etilganda 1-sog‘lom guruh 1 million 746 ming (42 foiz) nafarni, 2-tayanch salomatlik guruhi 1 million 274 ming (31 foiz) nafarni, 3-o‘rta xavf guruhi 822 ming (20 foiz) nafarni, 4-yuqori xavf guruhi 29 ming (0,7 foiz) nafarni tashkil qildi.

Davlat xizmatchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavf omillarini erta aniqlash maqsadida yaqinda viloyat hokimligi xodimlari va viloyat muassasalari rahbarlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 93 nafar xizmatchida antropometrik tekshiruvlar amalga oshirildi, qon bosimi, qonda kislorod porsial bosimi (saturatsiya), qondagi glyukoza miqdori o‘lchandi. Afsuski, ko‘rik natijasida bir qator rahbarlar salomatligida nuqsonlar va bu sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik oqibati ekanligi aniqlandi.

Mazkur masala yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati O.Iminov hamda viloyat Kengashi deputatlari o‘z fikrlarini bildirib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish bilan birga, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish zarurligini ta’kidladilar.

Viloyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sardor Luqmonov hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda viloyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj 12 toifadagi 198 ming nafarga yaqin shaxs bilan manzilli ish olib borilmoqda (o‘tgan yilning birinchi choragida ijtimoiy himoyaga muhtojlar ro‘yxatida 300 ming nafardan ortiq fuqaro bo‘lgan). Ularning 81 ming 393 nafarini kam ta’minlangan oilalar vakillari, 110 ming 422 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir kasallikka chalinganlar, shuningdek, jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar, 1872 nafarini o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashaydigan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, 1244 nafarini tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari, shuningdek odam savdosidan jabr ko‘rganlar, 1001 nafarini yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda to‘liq bo‘lmagan oilalardagi bolalar tashkil etadi.

Yilning birinchi choragida nogironligi bo‘lgan shaxslarning 3640 nafari reabilitatsiya vositalari va protez ortopediya moslamalari bilan ta’minlangan. 118 nafari to‘liq, 449 nafari qisman reabilitatsiya qilingan. 2287 nafarining bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 611 nafari parasportga jalb qilingan. 12 ming 700 nafar voyaga yetmagan bola ijtimoiy himoyaga olingan.

– Amalga oshirilgan ishlar, ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmat va yordamlar natijasida 2025 yil 1 aprel holatida viloyatimizda nafaqa oluvchi oilalar soni 81 ming 393 tani (7,8 foiz) tashkil etdi, – dedi S.Luqmonov. – O‘tgan yili bu raqam 189 ming 791 ta (18 foiz) bo‘lgan. Nafaqa oluvchilarning kamayishi natijasida 68,7 milliard so‘m byudjet mablag‘i iqtisod qilindi. 

Shundan so‘ng, viloyatning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida elektr ta’minoti tizimini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali rahbari E.Mamasoliyev hisobot berdi. Ammo rahbarning hisobotga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rib kelmagani va deputatlarni qiziqtirgan savollarga javob berolmagani sababli hisobot qabul qilinmadi.

Sessiyada viloyatda Olimpiya va Paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish bo‘yicha 2025-2027 yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlari to‘g‘risidagi, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishiga va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risidagi, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, Kengash qarorlari qabul qilindi.