Talabalar til o‘rganishda innovatsion metodlardan qanday foydalanadi?

Bugungi kunda xorijiy tillarni, xususan, ingliz tilini o‘qitish dolzarb hisoblanmoqda. Talabalarning ingliz tilidagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, albatta, xorijiy til fani o‘qituvchilarining zimmasiga tushadi.

Oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak chet til o‘qituvchilarni bilimli, salohiyatli va raqobatbardosh qilib tarbiyalash va ta’lim berish muhim hisoblanadi. Bu jarayonda οliy ta’limda innοvatsiyalar, ilg‘οr xοrijiy tajribalar, axbοrοt va pedagοgik texnοlοgiyalarni keng qo‘llash, shuningdek, mehnat bοzοrida chet tilini lingvistik va ijtimοiy-madaniy jihatlarni mukammal egallagan yuqοri malakali mutaxassislarni tayyorlash ta’limga bo‘lgan talab va ehtiyojni οshirishga οlib keladi.

Ayniqsa, Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Pοlsha, Rοssiya, Turkiya, Erοn, Indοneziya, Singapur va bοshqa rivοjlangan mamlakatlarning οliy ta’lim muassasalarida filοlοgiya (ingliz tili) yo‘nalishida mutaxassislarning chet tilidagi kasbiy malakalarini rivοjlantirishga alοhida e’tibοr qaratilmοqda. Dunyo tajribasida oliy ta’lim muassasalarining filologik ta’lim yo‘nalishlarida ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlar ta’lim mazmuni, vositalari va talablari, shuningdek, zamonaviy interfaol metodlar, texnologiyalar va o‘qitish strategiyalarini rivojlantirishga qaratilgan. Bo‘lajak chet tili o‘qituvchilarining ingliz tilini o‘qitish malakalarini hamda millatlararo muloqot madaniyatini rivojlantirish, xorijiy tajribalarni o‘rganish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Oliy ta’lim muassasalari tabalarining millatlararo muloqot madaniyatini rivojlantirishda innovatsion metodlarning o‘rni va ahamiyati oshmoqda. Muloqot madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha bir qancha metodlar mavjud, xususan, “Collaborative learning (hamkorlikda o‘rganish)” ta’lim texnologiyasi shular jumlasidandir. Mazkur metodikada talabalar juft bo‘lib yoki guruh bo‘lgan holda ingliz tilidagi amaliy mashg‘ulotlar olib boradi. Bunda muammoli mavzular masalan, “communication culture” (muloqot madaniyati), culture shock (madaniyatlararo to‘qnashuv) va shunga o‘xshash mavzular beriladi.

Talabalar guruh bo‘lgan holda guruh muvaffaqiyati uchun birlashadi. Bunda guruhning har bir a’zosi jamoaning boshqa a’zolari bilan o‘zaro fikr almashib, mustaqil ishlaydi.  Hamkorlikda o‘rganish metodi ham bir qancha metod va texnologiyalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Quyida shu texnologiyalar bilan tanishtiramiz:

A) Talabalarning “jamoa-muvaffaqiyati sari birlashish” metodi bo‘lib, unda barcha talabalar bilim darajalari turlicha bo‘lgan kichik guruhlarga ajratiladi va har bir jamoa a’zosining berilgan topshiriq yoki vazifani to‘liq o‘zlashtirib olishi o‘qituvchi tomonidan nazorat qilinadi. Keyin individual topshiriqlar beriladi: bu bosqichda ular birgalikda ishlaydi, ammo bir-birlariga yordam berishi mumkin emas. Asosiy maqsad o‘rganuvchilar vazifani berilgan vaqt ichida o‘zlashtirishi kerak. Yaratilgan imkoniyatdan samarali foydalanish orqali guruh a’zolarida motivatsiya paydo bo‘ladi.

B) “Guruh taqdimot ishi” metodida muayyan bir mavzu kichik guruh a’zolarning umumiy fikridan kelib chiqib tanlanadi va shu bo‘yicha kichik tadqiqot ishi olib boriladi. Talaba bu metod orqali o‘z xohishi asosida zarur yo‘nalishlarda munozara, muhokama, suhbat, ijtimoiy izlanish, statistik tahlillar qilib, ingliz tilidagi og‘zaki muloqot ko‘nikmalarini oshiradi. Ya’ni, muammoli jihatlarni o‘zida qamrab olgan mavzu tanlanadi va kichik guruhlarda shu yo‘nalish bo‘yicha izlanish olib boriladi. Mazkur faoliyatni o‘rganuvchilarning o‘zlari erkin va mustaqil olib borishi, rivojlantirishi, maqsad va vazifalarni belgilab olishlarida sharoit yaratib berishi o‘qituvchi tomonidan amalga oshiriladi. Ularning fikrlarini rad etishi va o‘z takliflarini berishiga yo‘l qo‘yilmaydi. “Guruh taqdimot ishi” yakunida natijalar tahlil qilinadi va birgalikda umumiy baholanadi.

S) “Birgalikda o‘rganish” metodida bilim darajalari har xil bo‘lgan talabalar o‘zaro hamkorlikda bir-biriga ko‘maklashadi va ularda hurmat, ehtirom tuyg‘ulari shakllantiriladi.

“Birgalikda o‘rganish metodi”da katta bo‘lmagan jamoa a’zolariga umumiy bitta topshiriq yuklatiladi va ular o‘zlari mustaqil bajarib, o‘z takliflarini ham kiritishi mumkin. Bunda ingliz tilidagi muloqotni takomillashtirish asosiy shart hisoblanadi. Ushbu metodda asosiy ikki mezonga: bajarilgan ish sifati hamda kuzatuv jarayonida har bir talabaning faol ishtirokiga asosiy e’tibor beriladi.
D) “Dialog va muhokama” metodi. Ushbu metodda kichik guruhlar ma’lumotlarni dialog yoki o‘zaro muhokama shaklida bir-biri bilan almashishadi. Shuningdek, suhbat mavzu yuzasidan erishilgan xulosa talaba-talaba, talaba-o‘qituvchi ishtirokida tahliliy mustahkamlanadi. Natijada asosiy e’tibor bahoga emas, aksincha, o‘rganilgan bilim ko‘nikmalarning rivojlantirilishiga qaratiladi.
Mazkur texnologiyalar nazariya emas, aynan amaliyotni nazarda tutadi, muloqotni rivojlantirish va og‘zaki nutq ustida ishlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mahfuza Azimova,
Samarqand davlat chet tillar instituti ingliz tili o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti v.b.