Olma ko‘chatlari qachon ekiladi?
Olma ko‘chatlarini noyabr oyida yoki fevral oyining oxiri, mart oyining boshlarida ekish maqsadga muvofiq.
Ko‘chatlarni ekish uchun yer maydoni kuzda mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan to‘yintiriladi. Yerga gektariga 6-10 tonna go‘ng, chirindi hamda 2-2,5 tonna fosfor solinib pluglanadi. Olma ko‘chatlarining keng tarqalgan navlari – Simirinko, Golden, Besh Yulduz, Rozmarin, Toshkent Borovinkasi, Tilla olma, Samarqand a’losi, Nafis va boshqalar. Olmaning kuchli yoki kuchsiz o‘sishi payvandtagiga bog‘liq, shuning uchun bog‘ yaratishda ko‘chat payvandtagiga alohida e’tibor berish kerak.
Ko‘chat ekish uchun ko‘chat ildizi o‘lchamiga nisbatan ancha keng bo‘lgan chuqurchalar kovlanib, har bir ko‘chat uchun 300-400 g. fosfor, 30-40 g. kaliy va 6-8 kg. chirigan go‘ng unumdor tuproq bilan aralashtirib solinadi. Ko‘chat ildizini yangi mol go‘ngi va tuproq bilan 1:1 nisbatda aralashtirib tayyorlangan loyqaga botirib olinib so‘ngra o‘tqaziladi va tuproq tortiladi. Shundan so‘ng chuqurga to‘ldirib suv quyiladi. Ko‘chatning payvandlangan qismi yerdan 4-5 sm. balandroq qilib ekiladi. Kuchli shamollar bo‘lib turadigan hududlarda ko‘chatning payvandlangan joyi shamol yo‘nalishi bilan bir xilda qilib o‘tqaziladi.
Chuqurchalardagi tuproq cho‘kkandan so‘ng yana tuproq solib to‘ldiriladi. Ko‘chatlar yaxshi tutib olguniga qadar tuproq namligiga qarab tez-tez sug‘orib turiladi.