Oltin va kumush medal bilan tamomlagan bitiruvchi o‘quvchilar taqdirlandi

Samarqand tumanida o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston - yoshlar mamlakati” shiori ostidagi festival doirasida umumta’lim maktablarini oltin va kumush medallarga tamomlagan bitiruvchi o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, mutasaddi tashkilotlarning rahbar va mas’ullari, bitiruvchilar, ularning ustozlari hamda ota-onalari ishtirok etdi.
Bu yil tumandagi 54 ta umumta’lim maktabini 2496 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularning orasida eng iste’dodli, tirishqoq, bilimdon, zukko va intiluvchan 147 nafar o‘quvchi oltin va kumush medallar sohibi bo‘ldi.
Tadbirda tumani hokimi S.Usmonov so‘zga chiqib, bitiruvchilarni ushbu unutilmas kun bilan tabriklab, kelajakda o‘zlarining munosib o‘rinlarini topishlariga tilak bildirdi.
Tadbir so‘nggida bitiruvchilarning 107 nafariga oltin, 40 nafariga kumush medal topshirildi.