Ombudsman “Muruvvat uyi”da yashovchi 18 nafar fuqaroning pasport olishiga ko‘maklashdi

Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning viloyat mintaqaviy vakili D.Husanov Urgut tumanidagi “Muruvvat uyi”da bo‘lib, bu yerda yashovchi fuqarolarning muammolarini o‘rgandi.
- O‘rganish davomida 18 nafar fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi haqida murojaat qildi, - deydi Diyor Husanov. – Aniqlashimizcha, ularning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yoki pasporti yillar davomida mavjud bo‘lmagan. Ushbu holat to‘liq o‘rganilib, ularning 9 nafari bo‘yicha FHDYo organlariga so‘rovnomalar yubordik. Natijada bu fuqarolarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari tiklandi. Qolgan 9 nafar fuqaroning manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudiga da’vo arizalari kiritildi. Ko‘p o‘tmay sud raisi ishtirokida “Muruvvat uyi”ning o‘zida sayyor sud tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 283-moddasi 2-qismining 3-bandiga ko‘ra, fuqarolar yoki tashkilotlarning shaxsiy, mulkiy huquqlari vujudga kelishi, o‘zgarish yoki tugatish sabab bo‘ladigan faktlarni sud aniqlaydi. Jumladan, otalikni tan olish (belgilash) fakti, bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganligi fakti, shuningdek, tug‘ilgan vaqtini aniqlash fakti sud tomonidan belgilanadi.
Ushbu norma hamda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 249- va 153-moddalarini qo‘llab sud qaror qildi. Ushbu hal qiluv qarori asosida 9 nafar fuqaroning tug‘ilganlik fakti belgilandi. Buning natijasida “Muruvvat uyi”da yashovchi 18 nafar fuqarolik pasporti olib berildi.
***
Ushbu videolavha va maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.