Ona ko‘ngli

Ertalab ishga shoshib turgandim. Endigina ostona xatlab, tashqariga chiqsam, ichkaridan onamning ovozi eshitildi.
- Kozimjon, ketyapsanmi?
- Ha, aya, nima gap?
- Anavi televizorni bir ko‘rib bergin. O‘zim to‘g‘rilay olmayapman.
- Aya, hozir ishga kech qolyapman. Hali kelsam, ko‘rib beraman, - dedim baland ovozda.
- Bolam, atigi besh daqiqa vaqting ketadi. Antennasiga bir nima bo‘lgan shekilli, g‘alati ko‘rsatyapti. Shuni tuzatib bersang, zerikmay o‘tirardim-da, - dedi onam derazadan boshini chiqarib.
- Iltimos, meni ishdan qoldirmang. Ishdan qaytgach, ko‘rib beraman dedim-ku. Shuni ham tushunmaysizmi? - deya shoshib mashinaga o‘tirdim.
- Hoy, bola, bugun televizorda bir dugonamni ko‘rsatishar ekan. Haligi Risolat fermer bor-ku, o‘shani.
- Ko‘rsatsa, sizga nima? - dedim mashinadan tushib.
- Axir u yaqin dugonam. Televizorda birinchi marta chiqishi. Ko‘rmasam, bo‘lmaydi-da!
- Ko‘rganingiz bilan nima o‘zgaradi? - deya uyga kirib, qo‘limga pultni oldim. U qildim, bu qildim, televizordagi xira tasvir sira o‘zgarmadi. Bundan jig‘ibiyronim chiqib, pultni otib yubordim.
- Ko‘rdingizmi, bu tezda tuzalmaydi. Hali kelib, hamma yog‘ini ko‘rib chiqaman. Bekordan-bekorga vaqtimni olganingiz qolyapti.
Shunday deb apil-tapil tuflimni kiydim-da, yig‘lamsirab turgan onamga "xayr" ham demasdan mashinani o‘t oldirdim.
Ko‘chaga chiqqach, tezlikni oshirib boraverdim. Bir payt mashina o‘z-o‘zidan sekinlay boshladi. Qarasam, gazi tugayapti. Yoqilg‘i quyish shoxobchasigacha hali ancha masofa bor. Shu bois yo‘lovchi mashinalardan birini to‘xtatib, "Spark"imni shatakka oldirdim. Afsuski, men ko‘zlagan shoxobcha ishlamayotgan ekan. Xunobim oshib, mashinani qulfladim-da, taksi to‘xtatishga urindim. Bo‘sh taksi kelgunigacha yana o‘n besh daqiqacha vaqtni yo‘qotdim. Shuni hisobga olgan holda taksichidan iloji boricha tezroq yurishni iltimos qildim. Qo‘shimcha pul berishimni eshitgan haydovchi tezlikni chunonam oshirdiki, nav-batdagi burilishda mashinani eplay olmay qoldi. Ko‘chaning bizga yaqin tomonidan shoshib kelayotgan yo‘lovchi yo‘limizga chiqib qolgani bois haydovchi keskin tormoz bosdi. Shu zahoti boshim oynaga tekkanini his qildim-u, ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Bir payt ko‘zimni ochsam, atrofimda tumonat odam, bittasi meni yelpish bilan band, yana biri bilagimni ushlab, o‘zicha tomir urishimni tekshiryapti. Yaxshiyamki, yo‘lovchiga ham, haydovchiga ham jiddiy shikast yetmabdi.
Sal o‘zimga kelgach, o‘rnimdan turib, hammaga rahmat ayt-dim-da, yo‘l chetiga o‘tdim. Shu onda onamning ma’yus qiyofasi ko‘z oldimga keldi. Ishxonamga qo‘ng‘iroq qilib, yo‘lda ushlanib qolganimni aytdim va boshqa taksiga o‘tirib, uyga qaytdim.
Yetib borib qarasam, onam bechora ostonada xomush o‘tiribdi. Meni ko‘rdi-yu, darrov yenglari bilan yoshga to‘lgan ko‘zlarini artdi. Bunchalik tez qaytishimni kutmagani uchun "Tinchlikmi, bolam, nima bo‘ldi, mashinang qani?" deya o‘rnidan turdi.
- Hech gap yo‘q, shunchaki televizorni tuzatib beray, deb ortimga qaytdim. Mashinamning gazi tugagan ekan, uchta ko‘cha narida turibdi. Haliroq olib kelaman.
- Voy, bolam, boshing g‘urra bo‘libdi-ku, yiqilib tushdingmi? - onam yonimga kelib, issiq qo‘lini peshonamga bosdi.
Qo‘l tafti yuragimni ham isitib yuborgandek tuyuldi. Onamning ko‘ksiga bosh qo‘yib, tomdagi antennaga ishora qildim:
- Oyijon, ertalab qaramagan ekanmiz. Axir antenna qiyshayib qolibdi-ku. Hozir tomga chiqaman-da, tezda to‘g‘rilab tushaman.
- Mayli, hojati yo‘q. Televizor ko‘rmasam hech nima qilmaydi. Sen ishingga ketaver.
- Qiziqmisiz, oyi, ishga baribir kech qoldim, - deya narvonni tomga yaqin olib bordim.
- Faqat o‘zingga ehtiyot bo‘l. Ertalab xo‘p deganingda, hozir ishxonangda xotirjam o‘tirgan bo‘larding! - dedi onam ko‘zlari porlab.
"Gapingiz to‘g‘ri" deyishga tilim ojizlik qildi.