Ona tilimizning nufuzini ko‘tarish. Afsuski, bu masala hamon, eng og‘riqli dardimiz bo‘lib qolmoqda

Foto: Daryo.uz

Saytda “O‘zbek tili rivoji uchun qachon qayg‘uramiz?” maqolasini o‘qib ayrim fikrlarimni yozishni ma’qul ko‘rdim.

Bugun aholi shoshilinch murojaat etuvchi maskanlar, aeroport, vokzal, mehmonxonalar, xususiy klinikalar, ko‘plab korxonalarda o‘zbek tilini bilmaydigan xodimlar (balki bilsa ham gapirmaydigan) sabab noqulay holatlarga tushayotganlar, sarson-sargardonlikka mahkum etilayotganlar borligini-da inkor etib bo‘lmaydi. Ko‘pgina tashkilotlarga sim qoqishingiz bilan «slushayu» degan javobni eshitasiz. Mayli, bizda til va so‘zlashuv borasida hadsiz erkinlik bor, lekin mas’ul lavozimdagi xodim uyida, ko‘chada xohlagan tilida so‘zlashsa ham, ish joyida murojaat etuvchiga, albatta, o‘zbek tilida javob bersin. O‘zi shundoq ham til borasida o‘ta “yumshoq”ligimiz va andishaliligimiz sabab, bugun juda ko‘p muassasalarning saytiga kirsangiz, hali ham davlat tilida ochilmaydi, bir chetda turgan o‘zbekcha havolani qidirishga majbur bo‘lasiz. Qurilish tashkilotlarining aksariyatida ish yuritish, shifokorlarning tashxis varaqalari, aksariyat davolash yo‘riqnomalari rus tilida. Ba’zi kafe, restoranlarga borsangiz peshtoqida “Dobro pojalovat” degan yozuvga duch kelasiz, ichkariga kirsangiz, qorako‘z xizmatchisi ham sizga shu so‘zlarni takrorlab, kutib oladi. Balki ochilgandayoq, «Mi otkrilis» deb nafas ola boshlagan bu kabi majmualar o‘zlariga alal-oqibat shu qismatni taqdir etar...

Ona tilimiz jonkuyarlaridan, adabiyotshunos Zuhriddin Isomidinov yozadi: “Har qanday davlatning negizida til turadi, har bir til, kattami-kichikmi, qadimiymi-yoshmi, boymi-kambag‘almi – bundan qat’i nazar, bir davlat tuzish salohiyatiga ega, ammo dunyoning eng katta, qudratli davlatlari ham bironta tilni paydo qilishdan ojiz. Til – shunday mo‘’jiza narsa. Biz, o‘zbeklar, bag‘rikeng, ko‘ngli ochiq bir el ekanimiz ahli olamga yaxshi ma’lum. Chunki sabr-qanoat, murosai-madora degan narsa qonimizga singib ketgan. Ba’zida allaqaysi rahnamolarining da’vatimi, rag‘batimi bilan, bir guruh shaxslar O‘zbekistonda boshqa tillarni rasmiy til darajasiga ko‘tarish, unga o‘zbek tili kabi huquqiy maqom berish taklifi bilan chiqib bong urdilar. Garchi “g‘alchani izzat qilsang, chorig‘i bilan to‘rga chiqadi”, kabi achchiq maqollarimiz bo‘lsa-da, betamizlarning to‘rga chiqib yoyilib o‘tirishiga ham mudom chidab kelamiz. Qo‘rquvni, istiholani andisha deb “andava”laymiz”.

Rostdan ham, ayniqsa, aholi bilan mudom muloqotda ishlovchi mutaxassislar davlat tilini mukammal bilishi shart. Ularni til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqsizligidan o‘zgalar jabr ko‘rmasin.

Shu o‘rinda bir hayotiy voqea: Bir necha yil oldin shahar markazidagi tug‘ruqxonalaridan biriga homilador ayol shoshilinch olib kelinadi. Qishloq shifokorining ko‘rsatmasiga binoan yuborilgan ayolning homilasi yuragi sust urib turgani bois, tezlik bilan kesarcha jarrohlik amaliyoti o‘tkazishni taqozo etar edi. Navbatchi rusiyzabon shifokor esa olis qishloqdan kelgan homilador ayol va uning qaynonasiga ruschalab bir nimalar deydi, tabiiyki, ular buni tushunmaydi. Ayol homilasi harakati sustlashganini tushuntirishga harakat qiladi, lekin shifokor «ne ponyala» deydiyu, ertaga o‘zbek shifokori kelishini aytib, kutishini buyuradi. Afsuski, shu kecha homila nobud bo‘ladi. O‘sha murg‘ak jon, o‘z yurtida, o‘z ona tilida dardini tushuntira olmaganligidan, shifokorning davlat tilini bilmasligi ortidan qurbon bo‘ladi. Ming bir taassufli bu kabi holatlar boshqa vaziyatlarda ham uchrab turadi. Istardikki, aholi bilan muloqotda bo‘luvchi har bir tashkilot, muassasa vakili davlat tilini mukammal bilsin. Yo‘qsa, birgina «Ne ponyala» degan javobi bilan birovning hayotiga, taqdiriga nuqta qo‘yib qo‘yishi mumkin...

Bugun davlat tilida so‘zlashni istamaydigan “erkatoylar” kamaymayapti, aksincha  jim tursak boshqa tillarni ham o‘zbek tiliga tenglashtirish payida bo‘ladi. Dam-badam tilimizga - til tekizuvchilar, bu sohada har xil tashabbuslarga “bel bog‘lovchilar” ham ko‘payaveradi. Ular uchun esa haddini bildirib qo‘yadigan qat’iy mexanizm, tish tirnoqli qonunlar yaratilishi shart.

- Ona tilimiz hamma zamonlarda ham bosim va tazyiq ostida taraqqiy etib kelgani ko‘z oldimdan o‘tadi,  - deydi professor Suyun Karimov. - Xayriyatki, uning o‘z himoyachilari, o‘z fidoyilari bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Ulug‘ Alisher Navoiyning «Muhakamat ul-lug‘atayn» asarining yozilish tarixini bir eslaylik. Bu ulug‘ ne’matga tazyiq o‘tkazayotganlar tashqaridan bo‘lganda masalaning mohiyatini tushunish oson kechadi. Ammo dushmanlik ichkaridan bo‘lsa-chi? Shunday paytda mening ko‘z oldimga adabiy tilimizni buzayotganlar, unga nisbatan mensimasdan munosabatda bo‘layotganlar keladi. Agar ular boshqa millat vakillari bo‘lsa, bu – tushunarli. Ammo shu millatga mansub bo‘lsa-chi? O‘zingdan chiqqan baloga, qayga borasan da’voga!..

Matbuot va ommaviy axborot vositalari bo‘lgan radio, televideniye, gazeta va jurnallar, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar mamlakatimizda o‘zbek tilining faol iste’molchilari hisoblanadi. Uning adabiyligi va madaniyligini targ‘ib qiluvchilar va namoyish etuvchilar ham aynan shular. Gazeta va jurnallarda, davlat radio va telekanallarida adabiy til me’yorlariga amal qilinyapti. Ammo, ayrim nodavlat telekanallari, ulardagi ayrim ko‘rsatuv va radioeshittirish boshlovchilari tilining butunlay shevachilik asosiga qurilganligini qanday tushunsa bo‘ladi? Bu ularning o‘zbek adabiy tilini bilmasligi debmi yoki ona tiliga bo‘lgan bepisandlik va hurmatsizlik, debmi? O‘zlarini boshqa o‘zbek shevalari vakillaridan ustun qo‘yishmi yoki adabiy tilda gapirish layoqati yetishmaydimi? Axir ommaviy axborot vositalari xalqniki-ku, ularning shaxsiy mulki emas-ku! Ommaviy axborot vositalari esa bundaylar uchun minbar vazifasini o‘tashi xalqning hamiyatiga tegadigan ishdir.

Bundan tashqari, ko‘pchilik yoshlar buni “demak, shunday gapirish kerak ekan”, deb tushunishadi. Bu esa, muqarrar ravishda adabiy tilning buzilishiga, binobarin, savodsizlikka yo‘l ochadi. Bas, shunday ekan, bu “ichki diversiya”ga bundan buyog‘iga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bugun gap hamjihatlik, bir yoqadan bosh chiqarib ishlash va yashash ustida ketayotgan ekan, adabiy til me’yorlariga amal qilishda ham shu tamoyilga suyanish kerak. Bu esa, ayniqsa, el tanigan ziyolilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Biz boshqa millatlarni ham, tillarini ham e’zozlaymiz. Mamlakatimizning bundan keyingi taraqqiyotida xorijiy mamlakat xalqlari bilan izzat-hurmatda bo‘lish, kerak bo‘lsa, ularning tillarini o‘rganish bizga faqat yutuq keltiradi. Ammo buning uchun xorijiy tillarning maqomini tafakkur tilimiz, milliy bisotimiz va g‘ururimiz bo‘lgan ona tilimizga huquqiy jihatdan tenglashtirib o‘tirishga aslo hojat yo‘q. Biz ehtiyojimizdan va milliy manfaatimizdan kelib chiqib, ularning hammasini ham o‘rganaveramiz. Undan ko‘ra ichkaridagi ahvolimizni tuzataylik. Marhamat qilib, ona tilimizda to‘g‘ri yozishni va to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganaylik. Insoniylik g‘ururi bilan yonma-yon milliy g‘urur ham borligini unutmaylik.

Ha, bugun ongimizda muz kabi qotib qolgan - Davlat tiliga e’tiborsizlik illatini bartaraf etishimiz, Ona tilimizni “qutqarish”imiz, jon berib  himoya qilishimiz  lozim. Ancha yillar ruhiy qaramlik iskanjasida, qon qonimizga singib ketgan befarqligimiz bilan – o‘zimiz, o‘z tilimizni shu qadar ojiz qilib qo‘ydikmikan, degan o‘ylar charx uradi ba’zan. Qaysidir davralarda, majlisu savol javoblarda ruscha murojaatlarni o‘zbek tilidagisidan ustun qo‘yamiz. Rusiyzabon hamsuhbatga shu tilda yondashamiz, ruscha gapirmasak, o‘zimizni mulzam his etamiz. Bir qancha  qo‘shiqchi yulduzlarimiz ham “til bilmaslikda” kimo‘zarda. Shu tilda qo‘shiq aytib tirikchilik qiladiyu, o‘z tilida gapirishga qiynaladi.

Shuncha kutdik, “Sabrning tagi – sariq oltin” dedik, sariq oltinning sarobi ko‘rinib qoldi. Endi uyg‘onish davri keldi. Tilimizga befarqlikni san’atkorlar kabi ba’zi «elita»larimizdan o‘rganayotgan avlod ham o‘zga tillarni «elita»lashtirmasidan, o‘z tilimizni va shu bilan qaddimizni tiklaylik.

Shuhrat Normurodov.