Ona va bola salomatligiga bag‘ishlangan dolzarb masalalar Samarqandda muhokama qilindi

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida Rossiya Federatsiyasidagi oliy ta’lim tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Tadbirda mamlakatimiz va rossiyalik professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi shifokorlar, ilmiy izlanuvchilar hamda soha mutaxassislari ona va bola salomatligini muhofaza qilish, homiladorlik davrida tibbiy kuzatuv va patologiyalarni barvaqt aniqlash, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotga joriy etish, perinatal xizmat sifatini oshirish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini o‘zaro almashish masalalarini muhokama qildi.

– Homiladorlik davrida keserva yoki undan keyingi asoratlar ayrim hollarda onalar o‘limiga sabab bo‘ladi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Allayorov. – Shu bois bugungi anjumanda xorijlik hamkasblarimiz bilan yuqori xavf guruhiga mansub homilador ayollar bilan ishlash, ortiqcha va asossiz operatsiyalarni kamaytirish, birgalikda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazish hamda ilg‘or tajriba va innovatsion usullarni amaliyotga joriy etish masalalarini muhokama qildik. Bu orqali ona va bola salomatligini muhofaza qilish samaradorligini oshirishga erishish mumkin.

Anjuman doirasida ma’ruzalar, mahorat darslari, klinik holatlar tahlili va davra suhbatlari tashkil etildi.

– Ikki kun davomida buxorolik va samarqandlik hamkasblarimiz bilan akusherlik va ginekologiya, neonatologiya hamda pediatriya sohalaridagi dolzarb masalalarni muhokama qildik, – deydi Tatariston akusherlar va ginekologlar jamiyati raisi, tibbiyot fanlari doktori Ildar Fatkullin. –O‘zbekistonga, jumladan Samarqandga kelib, zamonaviy tibbiyot muassasalari va texnologiyalarni ko‘rib mamnun bo‘ldim. Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, yuqori xavf guruhidagi homilador ayollar bilan ishlash borasida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy-amaliy anjumanlar va tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yishga tayyormiz. Bunday hamkorlik sohada yangi yutuqlarga erishishga xizmat qiladi, degan umiddaman.

Anjuman qatnashchilari Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida qo‘llanilayotgan zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.