Bugun shoir va dramaturg, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Dushan Fayziy tavallud topgan kun
Dushan Fayziy 1927 yil 5 fevralda Qiziltepa tumanida tug‘ilgan.
Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgach, ilk ish faoliyatini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi kotibligidan boshlagan. Keyinchalik viloyat televideniye va radioeshittirish qo‘mitasi raisi, SamDU prorektori, «Imom Buxoriy» xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Ijodi Ikkinchi jahon urushi yillarida boshlangan. «Tug‘ilgan kunim», «Qalbim seniki», «Navo», «Yor xayoli», «Onaizor», «Buyuklik», «Samarqandnoma», «Sevgilim» kabi she’riy to‘plamlar nashr ettirgan.
Dramaturg sifatida esa «Zarafshon qizi», «Birinchi uchrashuv», «Kelin keldi», «Qorasoch», «G‘azal va muhabbat», «O‘n yetti yoshlilar» va boshqa sahna asarlari yaratgan.
Dushan Fayziyning «Do‘stlik qo‘shig‘i», «Asrim monologi», «Urgut qasidasi», «Temurnoma» dostonlari va «Imom al-Buxoriy» she’riy romani bor.
1997 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan.
2009 yilda vafot etgan.
***
QUYoSh PARChASI
Kaftim uzra tutib quyosh parchasin,
Sening qo‘llaringga uzatdim, erkam.
Neki ezgulik bor dilda, barchasin
Senga bag‘ishladim, senga farishtam!
Yaxshi niyat ila qabul et uni,
Butun borlig‘ingni aylagay ravshan.
Hasadli ko‘zlardan asragay seni,
Poyingda gullagay bir ajib gulshan.
Quyosh parchasi deb senga tutganim,
Saxovatga to‘la munis yurakdir.
Istiqbolingga havola etganim,
Qarashlarga zor, o‘sha tilakdir.
Neki ezgulik bor dilda, barchasin
Senga bag‘ishladim, senga farishtam!
OLISDAMAN
Qo‘y, endi izlama! Urinish behuda,
Men ketyapman tumanlar aro.
Sen olisdacan, olisdacan juda,
U yog‘i – so‘ngsiz qorong‘i dunyo.
Afsuslar va balki ko‘zyoshlar
Senga sabr bersin ilohim!
Qalbingdan xotira – o‘sha shirin tushlar,
Ro‘yoda burqsigan tutunli ohim.
O‘sha olislardan, tumanlar bag‘ridan
Senga termiladi ko‘zlarim.
O‘tdim, muhabbatsiz dunyoning bahridan,
Anhor bo‘ylarida so‘nggi izlarim.
Qo‘y, endi izlama!..