Onajon, sarg‘ayib kutasan intiq

Dilshoda Saidolimova – Samarqand farzandi. U 1952 yilda Oqdaryo tumanida tavallud topgan. Samarqand pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagach, qishloq maktabida mehnat faoliyatini boshlagan.

1975 yildan keyin uning hayoti Toshkent bilan bog‘landi. “Yosh qalamkashlar” to‘garagi rahbari, 1977 yildan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda muharrir, 1994 yildan Respublika radiosida katta muharrir bo‘lib ishladi.
“Umidim” nomli ilk she’rlar to‘plami 1980 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi “Adabiyot va san’at” nashriyotida nashr qilingan. 1986 yilda “Sen mening quvonchimsan” hikoyalar to‘plami chiqdi. Keksa ijodkor “Qizlar”, “Kichkina ammam” kitoblari muallifi. 2022 yilda “Xayolim guli” she’rlar to‘plami, 2023 yilda “Urushdan qaytmagan bolalar” hikoyalar va qatralar to‘plami o‘quvchilar qo‘liga tegdi.
Quyida ijodkorning she’rlaridan bahramand bo‘lasiz.

***

Oqdaryodan yiroqda...
To‘qayzorlar ichra sokin,
Chayqalib kelar u mudom.
Momo yanglig‘ o‘zi, lokin
Kelinchak qizday Oqdaryom.

Moviy-moviy to‘lqinlari,
Xayolimga to‘r soladi.
Yumshoq qumli qirg‘oqlari,
Xotiramga qo‘l soladi.

Ancha bo‘ldi, bexabarman
Ko‘pdan sendan yiroqdaman.
Bunda guli beanbarman
Tik qoyali qirg‘oqdaman.

Ko‘pdan sendan olisdaman, men
Cho‘milmadim to‘lqinlaringda.
Ko‘pdan sochim silamading sen,
Charx urmadim qushday bag‘ringda.

Tashvishlardan xoli bolalik,
Qoldi mangu qirg‘oqlaringda.
Vujudimda so‘ngsiz tashnalik,
Qovrilaman firoqlaringda...

UChRAShUV
Onajon, sarg‘ayib kutasan intiq,
Intiqlik rangiga kiradi chehrang.
Borliging ishonchu idrokka to‘lig‘,
Beparvo kunlar-chi, keltirmas bolang.

Bardoshlaring aqlingday kamol topgan,
Ertadan xushnud bir xabar kutasan.
Ko‘zlaring so‘nggi yo‘q o‘ylardan tolgan,
Hadik, xavotirni suvday yutasan.

Qiz bola deysan-da. Begona shahar...
G‘unchalab ketadi boshingda oson,
Yomonlikning turli-tuman gullari,
Ayniqsa, qish chog‘i uzoq tunlari.

Bezovta xayoling chorlaydi tinmay,
Bir kun shamoldayin kirib boraman.
Quvonchlarimni men uncha bildirmay,
Bag‘ringga tomchiday singib ketaman.

BEKATLAR
Manzil sari yelar avtobus,
Ufqlarga tutash yo‘l bo‘ylab.
Har bir bekat tovlangan tovus,
Dugonajon, ko‘rgin bir o‘ylab.

Lekin so‘nggi bekatga yetmay
Kimdir tushar, kimlardir chiqar.
Inson umri, hayot ham shunday,
Bekatlardan-bekatga chopar...

Bolalik ham o‘tdi, chamamda,
«Opa» deya atashar qizlar.
Hademayin o‘zga chamanda
«Yanga» bo‘lib qolamiz bizlar.

Yangi bekat chorlagay keyin,
U manzilning nomi ko‘p ulug‘
«Ona» deya atashar, tayin
Unda dil ham nurlarga to‘liq...

Manzil sari ot qo‘yar umr,
Ko‘rmaganing go‘zaldir har dam:
«Buvi» etib, so‘ngra kimgadir,
Yetib kelar so‘nggi bekat ham...

O‘ChIRILGAN SATR
Noxush satr, chizilgan satr,
O‘chiribsan sen uni atay.
O‘z-o‘zingni etganday inkor,
Ko‘chiribsan va yana takror.

Mayli, qog‘oz ko‘p-ku dunyoda,
Istagancha o‘chir, qayta yoz.
Lekin vayron bo‘lgan ko‘nglimni,
Faqat unga qilmagin qiyos.