Onamni sog‘inib...

Taxmondagi katta sandiqlarda kitoblar bor edi. Mehmonxonadagi shkaflarda ham shoir va yozuvchilarning kitoblari, gazeta, jurnallar taxlami joy olgandi.
Men yoki ukam kitoblarga, qo‘lyozmalarga so‘roqsiz teginmasdik. Bir kuni qiziqishim ustun kelib, onamning daftarlarini varaqladim. Har xil mavzulardagi g‘azal, to‘rtlik, ruboiylar. Ona haqidagi she’rlarini diqqat bilan o‘qib chiqdim. Unda quyidagi satrlar bor edi:
Ma’yus chehrangizga boqqanimda,
Yuragim nogahon orziqib ketdi.
Oppoq sochlaringiz silaganimda,
Muattar bo‘ylari meni mast etdi.
Kamtaringina onajonimning Alloh bergan iste’dodlaridan bexabarligimdan biroz uyaldim. Nodira, Uvaysiy, Zulfiyaning g‘azal va ruboiylarini qo‘shiq qilib aytib yurardilar.
Onajonim doim kitob o‘qishimizni, birovga yaxshi gapirib, yaxshilik qilishimizni istardilar va buni qayta-qayta ta’kidlardilar.
Ularning bebaho o‘gitlariga amal qilib, kam bo‘lmadik. Avval kollejda, undan so‘ng oliygohda tahsil oldim. O‘zim ham she’rlar yoza boshladim.
Bir kuni onajonim oxirgi nashr qilingan kitobimni o‘qidilar.
– Nuridiydam, – dedilar mehr to‘la ko‘zlari bilan menga qarab.
– Qachondan boshlab she’r yozasan?
– Sizning she’rlaringizni o‘qiganimdan beri, – dedim.
– She’r yozganing, kitoblar chiqarganing yaxshiku-ya, shoiralik qismat-da, – dedilar xo‘rsinib. – Ba’zan hayotda ijodni tushungan, tushunmagan kishilar ham bo‘ladi.
Onajon! Baxtimizga sog‘ bo‘ling. Umringiz uzun bo‘lsin ilohim. Bayramingiz bilan tabriklayman.
Nazira HAMIDOVA
Sitoraning dil so‘zlarini oqqa ko‘chirdi.