Onasi qabrini izlagan farzand

Qabristonga borib ziyorat qilib turish odatim bor. Yaqinda Jomboy tumaniga ish yuzasidan borib bir mahallaning qabristoniga yo‘l-yo‘lakay ziyoratga kirdim.

Mashinamda ish kiyim, qo‘lqop va boshqa mehnat qurollari olib yuraman. Kiyimimni almashtirdim-da, qabristonga kirib o‘tganlar haqiga tilovat qildim.

So‘ng savob ilinjida ba’zi tikan bosgan qabrlarni tikanlardan tozalay boshladim.  Biroz o‘tgach, bir kishi kelib: "Hormang, uka! Men qabriston qorovuliman, siz Ravshan boboga kim bo‘lasiz" deya savol berdi.

Salom-alikdan so‘ng "Qaysi Ravshan bobo?.. Men mehmonman, mahallaga ish yuzasidan kelgan edim, ziyorat uchun qabristonga kirdim", dedim.

Qayerdanligimni, ismimni so‘radi.

"Aslida Toyloqda tug‘ilganman, shaharda yashayman" dedim.

So‘ngra qorovul uyalganday bo‘ldi-da qo‘limdagi o‘roqni berishimni so‘radi.

- Qo‘yavering, xijolat bo‘lmang, mening odatimga aylangan bu yumush, - dedim.

So‘ngra qorovul bir-ikkita voqeani so‘zlab berdi.

- Ravshan boboning to‘rt nafar fildek o‘g‘illari bor. Bari ichib, chekib yuradi. Qachon ko‘rsam ularga qabristonga kelib, otasi qabrini tozalashlarini tayinlayman, ayniqsa, kenja o‘g‘li Hamdamga "Otangni qabrini obod qilib qo‘y, uyalmaysanmi?" deya ko‘p tanbeh beraman. Foydasiz. Gohida yo‘limdan chiqib qoladi-da yuzi qip-qizil sholg‘omdek bo‘lib "Hay, qorovul bobo, otam qalay, qarab qo‘yayapsizmi, keling, bir haq berayin", deya vaqillaydi. Shuningdek, qishlog‘imizda ba’zi oliftalar bor, menga 4-5 ming so‘m pul berib, ota-onasini qabrini tozalatadi. Men bajaraman. Ammo o‘ylab qolaman: farzandi bo‘lsang, o‘zing qabrni mehringni berib tozalasang bo‘lmaydimi?..

Ba’zisi umuman kelmaydi. Qabrlari tikanzor, ba’zilari qarovsiz. Ba’zisi xorijda ishlaydi. Kimdandir telefon raqamimni olib, telefon qiladi - "...qarab qo‘ying", deydi.

Bir onaxonning qizi Dubayga ketib, ancha vaqt "yo‘qolib ketgan" edi. Yaqinda qabristonda ko‘rib qoldim. To‘mpaygan, tikan bosgan, qabr toshi qo‘yilmagan bir qabr yoniga o‘tirib duo qilib o‘tirgan ekan. Oldiga borib, salomlashdim va "Onangning qabri bu emas, mana bu", deya o‘nta qabrdan keyingi raqamlangan qabrni ko‘rsatdim...

Xulosa o‘zingizdan, birodarlar!

Yusuf Salimov.