Onasining mashinasini haydab chiqqan o‘quvchi uch nafar ayolni urib yubordi

O‘tgan kuni Namangan viloyati Norin tumanida YTH sodir etilishi oqibatida bir kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Ma’lum bo‘lishicha, soat 12:10 larda Norin tumani 15-maktabning 9-sinf o‘quvchisi onasining nomida bo‘lgan «Damas» rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, o‘zidan oldinda ketayotgan uch nafar piyodalarni urib yuborgan.

Ular ham Norin tumanida yashaydigan fuqarolar bo‘lib, ularning biri 38, boshqasi 43 va 44 yoshli ayol kishilar bo‘lgan.

Oqibatda piyodalar og‘ir tan jarohati olib, bir nafari voqea joyida vafot etgan. Ikki nafari turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Ushbu holat bo‘yicha tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan 28 iyunda Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deb xabar berdi IIV matbuot xizmati.