Onkoskrining tekshiruvi mahallalarda o‘tkazilmoqda
Shu kunlarda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialining yetakchi mutaxassislaridan iborat tibbiy brigada zamonaviy tibbiy apparatlar bilan jihozlangan mobil avtobuslar orqali viloyatning olis hududlariga borib, aholini onkoskrining tekshiruvidan o‘tkazmoqda.
Shunday tibbiy ko‘rik Urgut tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Sharof Rashidov nomli oilaviy shifokorlik punktida tashkil etildi.
– Davlatimiz rahbarining 2021 yil 27 maydagi “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, onkologik kasalliklarni ilk bosqichlarda aniqlash hamda davolash, aholi o‘rtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish yuzasidan bir qator vazifalar belgilab berilgan, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Firdavs O‘lmasov. – Jumladan, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari “Ayollar maslahatxonalari” tarkibida 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab muntazam ravishda ayollar orasida keng ko‘lamli birlamchi tekshirishlarni amalga oshiradigan “Onko-nazorat” xonalari tashkil etildi. Ushbu xonalarda joriy yilda 468 mingdan ortiq xotin-qizlarning skrining ko‘riklaridan o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Yilning to‘qqiz oyi davomida 329 ming nafardan ortiq ayollar onkoskriningdan o‘tkazildi. 1100 nafar bemorda rak oldi kasalligi aniqlanib, to‘liq sog‘lomlashtirildi. 56 nafar bemorda bachadon bo‘yni saratoni erta bosqichlarda qayd etilib, 27 nafari filialda davolanib chiqdi, 29 nafari davolanishni davom ettirmoqda. 45-65 yoshdagi 162 ming nafardan ortiq xotin-qiz ko‘krak bezi saratoni skriningidan o‘tkazilganda ularning 980 nafarida rak oldi kasalligi aniqlanib, sog‘lomlashtirildi.
Saraton davosiz kasallik emas, faqat xastalik qancha erta aniqlanib, davolash choralari ko‘rilsa, bemorlar to‘liq bu darddan forig‘ bo‘ladi. Onkoskrining tekshiruvlari aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda. Ushbu haftada bunday ko‘riklarni viloyatning olis hududlarida tashkil etib, onkomammolog, onkoginekolog, UTT vrachi, vrach–kolposkopist, onkojarroh va boshqa mutaxassislarimiz bilan xotin-qizlar salomatligini nazoratdan o‘tkazyapmiz.
Ko‘rik davomida mazkur oilaviy shifokorlik punkti xizmat ko‘rsatadigan mahallalardan 680 nafar xotin-qiz onkoskrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Ularning 20 nafarida saratonoldi xastaligi belgilari kuzatilib, qo‘shimcha tekshiruv va davolanish uchun filialga yo‘llanma berildi.
Jabbor Nabiyev olgan suratlar.