Oqdaryoda baxshi-shoirlar bo‘lganmi?

Afsuski, bu savolga mutaxassislar, madaniyat, adabiyot, san’at sohasida faoliyat yuritayotgan mutasaddilardan aniq javob ololmagan edik. II Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida yana shu savolga javob izladik.

- Oqdaryoning G‘o‘lva qishlog‘ida Parda baxshi yashagan. Bu haqda gazetada 80-yillarda maqola berilgan edi, - deydi “Oqdaryo ovozi” gazetasi muharriri Yo‘lchi Muhammadiyev. - "Lenin yo‘li" gazetasining 1985 yil 26, 28-sonlarida chop etilgan, jurnalist Abdimurod Ro‘ziyevning "Parda shoir Do‘syor o‘g‘lini bilasizmi?" sarlavhali maqolasini topdik. Unda Parda shoir va u kishining otalari Do‘syor baxshi, ularning avlodlari haqida batafsil ma’lumot berilgan. Oqdaryo baxshichilik maktabining asoschisi Parda shoir Do‘syor o‘g‘lidan bizga ko‘plab termalar, qo‘shiqlar meros bo‘lib qolganligining guvohi bo‘ldik. Bu tarixiy voqea hamda faktlar qalbimizda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini uyg‘otdi.

O‘tgan asrning 60-yillarida SamDU o‘zbek filologiyasi fakulteti tolibi Abdimurod Ro‘ziyev o‘zining "diplom ishi"da aynan oqdaryolik baxshi shoirlar hayoti va ijodini o‘rganishni maqsad qilib, ilmiy ish bajaradi. Oradan yillar o‘tgach, gazeta uchun maqolani tayyorlaydi:

- Studentlik yillarida bizni o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalari, xalq shevasini o‘rganish va to‘plash uchun bir oylik "komandirovka"ga jo‘natishdi, - deydi maqola muallifi. - Kursimizdagi talabalar bilan viloyatimizning bir qator qishloqlarida bo‘lib, xalq durdonalarini to‘pladim. Ishtixonning Mitan qishlog‘idan Olim shoir, Payariqdan Alim latifachi, jomboylik Qiron o‘lanchini o‘shanda topib, muloqotda bo‘lgandik. Ulardan biri Oqdaryoda Parda shoir borligini aytganida, albatta, shu odam bilan ham uchrashishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim.

Men Parda shoirni izlash bahonasida xalq og‘zaki ijodi namunalariga qiziquvchilar bilan yo‘l-yo‘lakay tanishdim. Lenin nomli kolxozning Temirak qishlog‘idan 62 yoshli Karvon bobo, Guliston kolxozining Yangikent qishlog‘idan Rashid naqalchi kabi hozirjavob kishilarni uchratdim. Ulardan "Moskva" kolxozi (hozirgi Karl Marks nomli kolxozning Eshon qishlog‘i)da Parda shoirning istiqomat qilayotganligini bilib oldim.

1968 yilning asad oyi boshlari. Eshon qishlog‘iga boshlovchi yo‘l boshida ziyoli bir odamdan Parda boboning uyini so‘radim.

- Ha, Parda shoirmi, shu yo‘ldan to‘g‘ri ketaverasiz, o‘ng tomondan yana bitta torgina yo‘l chiqadi. Ana shu so‘qmoq bo‘ylab borsangiz baxshining uyi oldidan chiqasiz, - dedi.

- Kechirasiz, baxshi dedingizmi? - so‘radim notanish kishidan. - Bizlar tomonda u kishini shoir, baxshi deyishadi. Chunki o‘tirishning guli, kishini hech zeriktirmaydi. Uzoq-uzoqlarga ham boboni qo‘yarda-qo‘ymay olib borib doston, terma va g‘azallar ayttirishadi.

Ko‘nglim taskin topdi. Demak, adashmabman. Nazarimda, xazina topib olgandek edim.

- Assalomu alaykum!

- Va alaykum assalom, kel, kel, chorpoyaga chiq, - deb iltifot ko‘rsatdi bobo. Ichkaridan o‘rta bo‘yli, yoshi 60 ni qoralagan bir ayol chiqib keldi-da, so‘rashgach, bo‘sh choynakni olib ketdi.

- Bu kishi kaminaning malikai xiromoni bo‘ladi, - deb tanishtirdi bobo ayolining orqasidan kulimsirab.

- Xo‘sh, qani, xizmat, qayerlardan so‘raymiz, yigit?

Men maqsadimni tushuntirgach, bobo qoshlarini chimirib, ko‘rkam soqolini panjalari bilan ohista siladi.

Boboning yoshi 70 dan oshgan bo‘lsa-da, ancha tetik va bardam edi. Uy ishlariga ham aralashib ketaverar, o‘t o‘rib mollariga berardi.

- Ha, mayli bir oz damingni ola tur, aytsak aytdik-da, - dedi bobo termalar aytib berishga rozilik bildirib.

Parda shoir yoshligini esladi: "Mening otam Do‘syor Ergash Jumanbulbul o‘g‘li bilan yaqindan tanish edi. Bunday olib qaraganda, quda-qudag‘aychilik bo‘lgani uchun bordi-keldimiz bor edi. Otam ba’zan meni ham Qo‘shrabotga olib borar, doston, she’rxonlik kechalarida qatnashardi. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ham bizning qishloqqa kelib, haftalab qolib ketar, kech paytlarida o‘lan, terma, hatto dostonlar aytishib, ko‘ngillarining chigallarini yoyishar edi. Otam ham do‘mbira chertib doston, termalar aytardi. Mening savodim yo‘q. Lekin eshitganlarimni hech ham esimdan chiqarmayman, ularga ba’zan o‘zim ham qo‘shimcha baytlar to‘qib turaman.

Hali-hali esimda, kunlarning birida qishloqdoshlarimizdan biri boboni to‘yga taklif qildi. U kishi meni ham birga olib bordi. Ayni tush payti davra keng olingan. O‘tirganlar boboni hurmat bilan to‘rga taklif etishdi. Dasturxon atrofida o‘tirganlar bobodan biror narsa aytib berishni so‘rashdi. Biri "Chigirtka"ni eshitmoqchi bo‘lsa, yana biri dostonlardan parcha aytib berishni so‘rar, yana biri Mashrab yoki Hazrat Navoiy g‘azallaridan eshitish istagini bildirardi. Ko‘pchilik ma’qullagach, baxshi asosan doston kuylardi.

O‘zbek xalq dostonlarida g‘irot, g‘irko‘k, chavandozlik, pahlavonlik kabi so‘zlar ko‘p ishlatiladi. Parda baxshi repertuarida ham otga mehr qo‘yish, ana shu jonivor orqali jang maydonlarida pahlavonlik ko‘rsatish mumkinligi ishonarli qilib tasvirlab berilgan:

Ot yigitning yo‘ldoshi

O‘g‘il davlatning boshi.

Qiz degani ko‘ngil hushi,

G‘irot kerakdir yigitga,

Otni minsang oltoydan so‘ng to‘latib,

Doim bersang arpasini elatib,

Achchig‘lanib otni minib chiqqanda,

Dushmanlardan orni olar yig‘latib.

Ko‘pkaridan solib ketsang qulatib,

Bir arg‘umoq ot darkordir yigitga.

- Parda shoir Do‘syor o‘g‘lining qobiliyati, tasavvurining kuchliligidan, uning xotirasiga shuncha doston va termalar, g‘azallarni sig‘dira olganiga qoyil qolib, katta taassurotlar bilan universitetga qaytdim, - deydi muallif maqola so‘ngida.

A.Ro‘ziyev oradan o‘n yetti yil o‘tgach yana shoirning xonadoniga tashrif buyuradi. Afsuski, Parda shoir Do‘syor o‘g‘li 86 yoshida olamdan o‘tgan edi. So‘ng u boboning uch o‘g‘il farzandi - Oqbo‘ta, Abduhakim va Karim Pardayevlardan 25 nabirasi, 57 chevarasi borligi va ularning kasb-korlari, bobolari to‘g‘risidagi xotiralarini yozib qoldirgan.

Biz esa oradan 36 yil o‘tgach, yana shu mavzuga qaytdik. Bu e’tiborsizlik bizning Oqdaryo adabiy-madaniy muhiti taraqqiyotidagi, ayniqsa, baxshichilik san’atidan yiroqlashib ketgan tumanimiz yoshlari ma’naviyati oldidagi xatomizdir. Qo‘shni Payariq, Bulung‘ur, Jomboy, Toyloq, Narpay, Nurobod va boshqa tumanlardagi baxshilar ijodi va ularning xalqaro festivallarda ishtirok etib, xalqimiz orasida, to‘ylarimizda termalar aytib erishayotgan yutuqlariga havas qilsak arziydi. Oqdaryoda esa baxshilarimiz, ayniqsa, ustoz-shogirdlik an’analariga sodiq yosh san’atkorlarimizning do‘mbira chertib, Do‘syor baxshi, Parda shoir bobolarimizning ruhini shod, xalqimizni xursand etishlarini orzu qilyapmiz.

Biz Parda shoirning keyingi avlodlarini surishtirib, bir qancha ma’lumotlar yig‘dik. Parda bobo yashagan, baxshi va shoirlar gurungining guvohi, mezboni bo‘lgan uyni nabira va chevaralari hanuzgacha buzmasdan, do‘mbiralarini ham asrab kelishgan ekan. O‘tgan yil uy buzilgan, ammo suratini saqlab qolishibdi. Parda shoir Do‘syor o‘g‘lining esdalik uchun qoldirilgan yagona surati bor. G‘o‘lva (Eshon) qishlog‘ida yashovchi aholi deyarli baxshi shoirning avlodlari, og‘ayni-urug‘lari, desak mubolag‘a emas.

Fermer va tadbirkor Abdunazar Abdurahmonov ona tomondan shoirning qarindoshi ekan. Ko‘plab she’rlari, xususan, chigirtka termasini yoddan aytib berishi Parda boboning baxshichilik san’ati hamon avlodlari qonida davom etayotganidan dalolatdir. Parda shoirning to‘ng‘ich  farzandi Oqbo‘ta boboning nabirasi Baxtigulning yoshligidan adabiyotga, she’riyatga havasi katta edi. Baxshi bobolari haqida eshitgan voqealar, termalar, qo‘shiqlar uning hamon xotirasida saqlanib qolgan.

Taqdirni qarangki, Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining qiz evarasi Hikmat ona Nurboyevaning o‘g‘li, chevarasi Komil Qarshiyev Parda shoirning chevarasi Baxtigul Oqbo‘tayeva bilan turmush qurgan va hozirda uch nafar farzandni tarbiyalamoqda.

Oqdaryo dostonchilik maktabining asoschisi Parda shoir Do‘syor o‘g‘lining hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganish ishlari davom etmoqda. Shoirning qabrini obodonlashtirish, yaqin kunlarda tumanimiz miqyosida xotira tadbiri tashkillashtirib, viloyatimizdan tashrif buyurayotgan baxshilarini kutib olish, "Samarqand baxshilari" filmiga oqdaryolik baxshilarning hayoti va ijodlari to‘g‘risidagi tasvirlarni tushirish chora-tadbirlari belgilanmoqda. Oqdaryolik baxshi Parda shoir Do‘syor o‘g‘li haqida samarqandlik baxshilar termalar yozib, qo‘shiqlar kuylamoqda.

Oygul Mamatova,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, Xalqaro "Oltin meros" xayriya jamoat fondi tuman muassasasi rahbari.