Oqdaryoda “She’r yuraklar dueli” bo‘ldi

Oqdaryo ijod maktabida ko‘plab jonkuyar jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar yetishib chiqqanligini va ayni paytda ular respublikamizning turli go‘shalarida faoliyat yuritayotganliklarini faxr bilan tilga olamiz. Bu ijod maktabining tarixi, buguni va ertasi “Oqdaryo ovozi” gazetasi bilan chambarchas bog‘liq.
Tahririyatni “Navnihol” ijodiy klubi faoliyatisiz tasavvur qilish qiyin. “Navnihol” ijodiy klubi rahbari shoira, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Oygul Mamatova oqdaryolik ijodkorlarni bir joyga to‘plab, har oyda bo‘lib o‘tayotgan qizg‘in mushoira, bahs-munozara, iste’dod darslarini o‘tkazib kelmoqda. Bu bahslar bellashuvlarga ham ulanadi.
Yaqinda tumandagi 14-son bolalar musiqa va san’at maktabida “Navnihol” ijodiy klubi a’zolari o‘z ijodlari bilan “She’r yuraklar dueli”da o‘zaro bellashdi.
- Respublikamiz miqyosida boshlangan ushbu she’riyat bellashuvini tumanlar o‘rtasida oqdaryoliklar boshlab berdi, - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov. – Bu she’riyat bellashuvida shoirlarimiz so‘z quroli bilan duelga chiqdi. Ularning har birining ijodida o‘ziga xoslik, har birining aytar so‘zi bor.
Bir-biridan chiroyli, badiiy bo‘yoqlarga, tashbehlarga, falsafiy mushohadalarga boy she’r mualliflari orasida haqiqiy bahs boshlandi. G‘oliblik o‘zining sodda va samimiy, qalbga yaqin she’rlari bilan barcha ishtirokchilarning yuragidan joy egallagan Navro‘z Hasanovga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Farhod Ro‘ziyev, uchinchi o‘rinni Charos Qurbonova egalladi.
G‘oliblar tuman hokimligi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Gulsara Tinibekova.