Oqdaryodagi maktabga vazirdan maktub keldi

Bayram arafasida Oqdaryo tumanidagi 8-umumta’lim maktabi 100 yilligini nishonladi. Odatda shaxslarning tavallud sanasi munosabati bilan o‘ziga tegishli sohaning yuqori idoralaridan tabriknomalar keladi. Lekin bu gal Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri ushbu maktabning Bir asrlik to‘yi munosabati bilan jamoaga o‘z tabrik maktubini va sovg‘alarini jo‘natdi. 

Yaqinda sana munosabati bilan 8-maktabda tashkil etilgan tadbirda ushbu ta’lim muassasasida ishlagan faxriy ustozlar, tuman, viloyat jamoatchilik vakillari, respublikamizning turli hududlarida mehnat qilayotgan bitiruvchilar ishtirok etdi. 

Qaysidir maktab o‘quvchilarining bilim darajasi, qaysi biri esa sportdagi yutuqlari, yana biri o‘quvchilarni kasbga, hunarga yo‘naltirishda ilg‘orlab ketadi. Shu kunlarda o‘zining 100 yoshini munosib nishonlagan Oqdaryo tumanidagi 8-umumta’lim maktabi qaysidir ma’noda maktab atalmish dargohning barcha talablarini o‘zida jo etgan va o‘z qadriyatlarini asrab kelayotgan ta’lim muassasasi sifatida gavdalanadi. Negaki, bir asrlik maktabning o‘z qadriyatlari bo‘lmasligi mumkin emas, albatta. Shu maskanda ishlab ketgan ustozlarni yo‘qlash, bitiruvchilarini so‘rab turish, holidan xabardor bo‘lish, bilimli o‘quvchini qo‘llab-quvvatlash, hunarga jalb etish, maktabning obodligiyu, har bir xasini qadrlash bu yerda qariyb qadriyatga aylangan. Shuning uchun ham maktabning yuz yilligi bilan bog‘liq anjuman aynan shu yerda ishlab ketgan ustozlarning holidan xabar olish va uch avlod uchrashuvlar tashkil etishdan boshlandi. 

Anjuman avvalida yig‘ilganlarga o‘qib eshittirilgan, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova imzosi bilan kelgan tabriknomada ham bu qadriyatlar tilga olindi. “Sizlar tarbiyalayotgan yoshlar mamlakatimizning turli hududlarida mas’ul vazifalarda samarali mehnat qilib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissasini qo‘shmoqda. Ular orasida uzoq yillardan el xizmatida samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi insonlarning ko‘pligi  shu maktab o‘qituvchilarining zahmatli mehnati samarasidir. Ayniqsa, bitiruvchilar orasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan professor K.Mo‘minov, Samarqand davlat universiteti jahon tarixi kafedrasi mudiri, “Shuhrat” medali sohibasi Sh.Hamroqulova va boshqa olimlar borligi quvonarli. Ta’lim dargohida uzoq yillar tarix va huquq fanidan dars bergan muallima Ra’no Arbobovaning mehnatlari tufayli bugun u kishining shogirdlari viloyatning turli hududlarida tarix fanidan dars berib, viloyat, respublika miqyosida yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotir”. 

- 624 o‘ringa mo‘ljallangan maktabimizda hozirda ta’lim olayotgan 453 nafar o‘quvchilarga 54 nafar fidoyi o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya berishmoqda, - deydi maktab direktori Sirojiddin Ochilov. – Maktabimizdagi ustoz-shogird an’anasi o‘quvchilarning yaxshi bilim olishigagina emas, balki, ishga kelayotgan yosh ustozlarning tajribasini oshirishda ham qo‘l kelmoqda. 

Maktabimiz o‘quvchisi Shohista Xolboyeva biologiya fanidan o‘tkazib kelinayotgan olimpiadalarning tuman, viloyat bosqichlarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Qodir Rabbimov beshta muhim tashabbus doirasida o‘tkazilgan respublika tanlovida stol tennisi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Uning bu natijasi tufayli maktabimizda 120 million so‘mlik sport inshooti bunyod etildi. Dildora Rustamova esa sportning qo‘l jangi bo‘yicha Osiyo miqyosida musobaqalarda bir necha bor oltin kamar sohibasiga aylandi. 

Maktabda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida 18 ta fan to‘garagi, 5 ta sport seksiyasi, 4 ta kasb to‘garaklari faoliyat olib bormoqda.

- Otam uzoq yillar davomida shu maktabda rahbarlik qilgan, - deydi Oqdaryo tumanidagi 46-umumta’lim maktabi rahbari Mo‘’tabar Nuriddinova. – Oilada o‘n nafar farzand bo‘lsak, bugungi kunda olti nafarimiz o‘qituvchilik kasbini egalladik. Oilamizdagi suhbatlar doim ta’lim sohasida bo‘lar, o‘quvchilarning bilimi, tarbiyasi haqidagi fikrlar yosh paytimizdanoq qulog‘imizga singib borardi. Otamning nimadan noroziliklarini ko‘z qarashlaridan anglardik. Hozir ham o‘z yo‘limizni topib, necha yoshga kirgan bo‘lishimizga qaramay, ota-onamning uyiga borib, u kishidan maslahat olamiz, qayerda xato qilayapmiz, shuni anglashga intilamiz.

Anjuman davomida maktabning bir guruh faol o‘qituvchilari taqdirlandi, faxriy ustozlar e’zozlandi, faol bitiruvchilar o‘z maktabi uchun rag‘bat ko‘rsatishdi. Bir so‘z bilan aytganda, asrlik ta’lim muassasining ilk davridan boshlab, bugungacha bo‘lgan faoliyati, ustozlar, respublikada natijaga erishga bitiruvchilar bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar jamlandi va namoyish etildi.   

Gulruh MO‘MINOVA.