"Oqibati xunuk bo‘ladi": AQSh sanksiyalar bilan yana bir bor ogohlantirdi, Rossiya esa harbiy harakatlar reja yo‘qligini ma’lum qilmoqda
Agar Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzini davom ettirsa, oqibati yomon bo‘ladi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kuleba bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, Amerika diplomatiyasi rahbari Moskvaga qarshi “keng qamrovli sanksiyalar” talab etilmaydi, degan umidda.
Blinken Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda Amerika tomoni Moskvaning Yevropadagi xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflariga yozma javob bermasligini tasdiqladi.
«Men tashqi ishlar vaziri Lavrovga hech qanday hujjat taqdim etmayman. Biz qayerda turganimizni ko‘rib chiqishimiz va diplomatiya hamda muloqotni davom ettirishga o‘rin bor-yo‘qligini aniqlashimiz kerak», dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Dmitriy Kulebaning aytishicha, Rossiya unga qarshi ehtimoliy sanksiyalar nafaqat tahdid, balki potensial haqiqat ekanligi haqida aniq signal olishi kerak.
«Rossiyaning tajovuzkor xatti-harakatlari bosilishida ushbu muzokaralar muvaffaqiyatli va konstruktiv bo‘lishi biz uchun juda muhim. Ukraina hech qanday hujum operatsiyasini rejalashtirmayapti. Biz faqat himoyamizni kuchaytirish ustida ishlayapmiz» dedi Kuleba.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov fikriga ko‘ra, Yevropa xavfsizligi sohasidagi vaziyat keskin. Va bunda boshqa «ishlar»i qatori Ukrainadan Rossiyaga bosim dastagi sifatida foydalangan Vashington va NATOning hissasi katta.
«Men haqiqatan ham Yevropada yoki boshqa joylarda kattaroq urush boshlanishi xavfi yo‘qligiga ishonaman. Biz tajovuzkor xarakterdagi hech qanday harakatni xohlamaymiz va qilmaymiz. Biz hujum qilmaymiz, zarba bermaymiz va iqtibos keltiraman - Ukrainaga bosqinchilik yoki boshqa nimadir qilmaymiz», dedi Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari.
G‘arb esa Kreml Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini, chegara yaqinida Rossiya kuchlari to‘planishi kuchayganini qayd etmoqda.
Vaholanki, Moskva bunday rejalarni bir necha bor rad etib, o‘z hududida qo‘shinlar harakatlanishi mamlakatning sof ichki ishi ekanini aytib kelmoqda.
Yaqin orada NATO mamlakatlari tomonidan Norvegiya va Norvegiya dengizi hududida Ukraina ishtirokida "Sovuq javob-2022" va Belarusda Rossiya bilan "Ittifoq qat’iyati-2022" harbiy mashg‘ulotlar boshlanadi.