O‘qishga kiritishni va’da qilgan domla 12 ming dollar bilan ushlandi
O‘tkir oliy ma’lumotli. Bir necha yillardan beri universitetda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi, deb yozmoqda “Adolat sari” gazetasi.
Bir kuni uning oldiga tanishi Nilufar ish topishda yordam so‘rab keldi. Yoz oylari, ayni abituriyentlar oliygohlarga hujjat topshirayotgan payt edi. Ular qabul komissiyasiga yaqin joyda gaplashayotgandi.
Sitora har yili hujjat topshiradi. Lekin hech omadi chopmaydi. Yiqilgan kurashga to‘ymas deganlaridek, shu yil ham hujjatlarini olib universitet tomon yo‘l oldi. Unga qaynopasi Bahora ham qo‘shildi. Ular dugonasi Nilufarni ko‘rib qolishdi.
- Necha yildan beri imtihonlardan o‘tolmayman. Ish so‘rab borgan joylarim oliy ma’lumot so‘raydi. Mana, yana kelyapman. Hujjatlarimda kamchilik yo‘qmikan, avval bir ko‘rsatishim kerak, - dedi Sitora.
- Mana domla, ko‘rib beradilar, – dedi O‘tkirga ishora qilib.
O‘tkir hujjatlarga ko‘z yugurtirib, o‘zini tanishtirdi. Ancha yildan beri universitetda o‘qituvchi bo‘lib ishlashi, agar istasa Pedagogika fakulteti Boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish yo‘nalishining sirtqi bo‘lmiga o‘qishga kirishida yordam qilishini aytdi.
- O‘qib ham ishlasak bo‘ladimi? – deb so‘radi abituriyentlar.
- Albatta, bo‘ladi - deb telefon raqamini berdi domla.
Hujjatlarni qabul qilish muddati tugagandan keyin Sitora domlaga qo‘ng‘iroq qildi. Ular kelishilgan joyda ko‘rishdi.
- Sizga ishonsak bo‘ladimi? O‘qishga kirishimizda qanday yordam qilasiz o‘zi? - deb so‘radi Sitora.
- Test bo‘ladigan xonada odamlarim bo‘ladi. Sizlarnikini ham “ishlab” beradi. Faqat buning uchun ancha xarajat qilishingiz kerak, - dedi domla.
- Qancha bo‘ladi?
- Bir kishiga 6.000 dollar.
Sitoraning kapalagi uchib ketdi. Lekin sezdirmaslikka urindi.
- Qaynopamga ham yordam qilishingiz kerak. Men kirib, u kishi kirolmasa xafa bo‘ladi, - dedi.
- Ikki kishiga 12.000 bo‘ladi. Test kunigacha olib kelishingiz kerak, - deb qo‘shimcha qildi domla.
Sitoraga domlaning ta’magirligi yoqmadi. IIB idorasiga borib domla ustidan arz qildi.
Organ xodimlari tezkor tadbir o‘tkazishdi. Xolislar ishtirokida 12.000 AQSh dollariga kimyoviy ishlov berib, ovoz yozish moslamasi va pullarni Sitoraga berishdi.
O‘tkir tanishi Nilufar orqali Sitoradan 12.000 dollar olgan payt qo‘lga olindi.
Sud hukmi bilan O‘tkir 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Rustam DAMINOV,
viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tergovchisi.