O‘qituvchi o‘quvchiga yetarli bilim bera oldimi?

«Zarafshon» gazetasining shu yil 11 iyul, 77-sonida bosilgan «Tovlamachiga emas, testga ishoning» maqolasini o‘qib, ko‘tarilgan mavzu yuzasidan ayrim fikrlarimni bildirishni lozim topdim.

Dastlab kasbim taqozosi bilan o‘quv yili yakuni arafasida o‘qituvchilar bilan kechgan ma’naviyat soatidagi suhbatni keltirmoqchiman. O‘quvchilarning oliy o‘quv yurtiga kirishlaridagi muammolari haqida ma’ruzamda kuyunib aytgan gaplarim yosh o‘qituvchilardan biriga qattiqroq ta’sir etdi.

- Bizni loqaydlikda ayblamang, - dedi u biroz achchig‘i chiqib. – Masalan, mening dunyoqarashim o‘zimga yetarli. Fikrimni ham erkin ayta olaman.

- Fikringizni aytganingiz uchun rahmat, – dedim unga minnatdorchilik bildirib. – Oramizda kuchli va fidoyi odamlar ko‘p. Ular el-yurt ravnaqi yo‘lida jon kuydirishmoqda. Lekin jamiyatimiz miqyosida oladigan bo‘lsak, bu xislatlar hali to‘liq qaror topmagan.

- Endi barcha o‘qituvchilarga savol bermoqchiman, - bu gapimdan ular hushyor tortishadi. - Masalan, sizning sinfda nechta o‘quvchi a’lo bahoda o‘qiydi.

- Uchta.

- Oltita.

- To‘rtta.

Agar har sinfda o‘rtacha 30-35 nafar o‘quvchi borligini hisobga olsak, a’lochi o‘quvchilar kamligi o‘z-o‘zidan ma’lum.

Oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirganlardan a’lochi o‘quvchi imtihondan yiqilib, maktabni qoniqarsiz bahoda bitirgan o‘quvchi imtihondan o‘tgan holat hech sodir bo‘lganmi?

Bu savol o‘qituvchilarga qanday ta’sir etganini tasavvur etish qiyin emas. (Ular aytgan ayrim gaplarga quloq tuting: “O‘qishga kirishda korrupsiya bor”, “Hamma joyda tanish-bilishchilik)

Darhaqiqat, abituriyentlarning o‘qishga kirishida adolatsizlik bo‘lganini inkor etib bo‘lmaydi. Achinarlisi, bu bir marta emas, yillar davomida takrorlangan. Minglab o‘qituvchilar oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarida noxolis yondashish borligini bilishgan. Lekin birortasi bu masala yurt taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, buning oldi olinmasa, jamiyat taqdiri bilimsiz kadrlar qo‘lida qolishi haqida gapirmagan. O‘n yil maktabda a’lo bahoda o‘qigan o‘quvchilarning barchasi imtihonsiz o‘qishga qabul qilinganda ham ularning soni oliy o‘quv yurtlarining talaba qabul qilish kvotasidan ziyod bo‘lmasligini hech kim o‘ylab ko‘rmagan. Ilgari bu kvota 10 foizdan oshmagan. Demak, faqat barcha a’lochi o‘quvchilarga oliy ta’lim berish imkoniyati bor edi. Esiz, bundan foydalanilmagan.

2019 yilda oliy ta’lim muassasalariga 146500 nafar talaba qabul qilindi. Bu maktab bitiruvchilarining 20 foizini tashkil etdi. Joriy yilda 18 ta yangi OTM tashkil etilishi va qo‘shma ta’lim dasturlari kengaytirilishi natijasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrovi 25 foizga yetkazildi. Yaqin kelajakda esa bu ko‘rsatkich 50-60 foiz bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Prezident tashabbusi bilan iqtidorli maktab o‘quvchilari o‘rta maxsus ta’limi orqali oliy ta’limga imtihonsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinishi tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Yoshlarning oliy ta’limga o‘qishga kirishida korrupsiyaga chek qo‘yish choralari ko‘rilyapti.

Kelgusida maktab bitiruvchilarining yarmidan ko‘pi oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu imkoniyatdan foydalanish uchun bir sinfda 5-6 nafar emas, 20-25 nafar o‘quvchining a’lo va yaxshi baholarda o‘qishiga erishish kerak. Bu yog‘i endi o‘qituvchining mahorati va mas’uliyatiga bog‘liq. Xo‘sh, siz nima deysiz, hurmatli muallimlar?

Xurshid NURULLAYeV,

respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘limi rahbari.