O‘qituvchini ishdan bo‘shatish haqidagi buyruq noqonuniy bo‘lib chiqdi, direktor javobgarlikka tortildi

Jomboy tuman 10-son bolalar musiqa va san’at maktabida ishlagan o‘qituvchi shu yilning may oyida ishdan bo‘shatilgan. Bundan norozi bo‘lgan o‘qituvchi esa tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan.

Bo‘lim tomonidan murojaat asosida olib borilgan o‘rganishlar davomida o‘qituvchi X.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mazkur musiqa va san’at maktabi direktorining joriy yil 10 maydagi 32-sonli buyrug‘iga asosan Mehnat  kodeksining 168-moddasi 3-bandi hamda 170-moddasiga asosan bekor qilinganligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘rganishda mutaxassis sifatida jalb etilgan tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi vakili tomonidan taqdim etilgan ma’lumot bo‘yicha muassasa rahbarining yuqorida qayd etilgan buyrug‘ida fuqaro X.A. ichki mehnat tartib-qoidalarni muntazam ravishda buzib kelganligi sabab ushbu holat Kodeksning 161-moddasi 4-bandi bilan malakalanmasdan, qonunchilikka zid ravishda ushbu Kodeksning 168-moddasi 3-bandi bilan noto‘g‘ri malakalanganligi qayd etilgan.

Qizig‘i, Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudining 2023 yil  5 maydagi qaroriga asosan X.A.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etgaligi uchun 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanganligi vaji bilan ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasida uning xabardorligi va ishtiroki ta’minlanmasdan, mehnat shartnomasini bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilgan va buyruq rasmiylashtirilgan. Mazkur buyruq bilan esa fuqaro hatto tanishtirilmagan.

Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 168-moddasi  3-bandida xodim   sudning qaysi hukmi bilan avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatini istisno etadigan  jazoga hukm qilingan bo‘lsa, o‘sha sud hukmining qonuniy kuchga kirganligi, shuningdek,   sudning qaroriga binoan xodimning ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika   muassasasiga yuborilganda mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bekor qilish asoslari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.

Bundan tashqari, qonunchilikda mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) munosabati bilan bekor qilinganda kamida uch kun oldin ish beruvchi o‘zining mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni yozma shaklda (imzo qo‘ydirib) ogohlantirishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur muassasa rahbari S.M. ushbu harakatlari bilan Ma’muriy javobgarlik   to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan. Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodim ishga tiklandi hamda unga shu yilning 5 iyuniga qadar to‘lanmagan oylik maoshi to‘lanishi ta’minlandi. Shuningdek, qonunlarni buzib, xodimni noqonuniy ishdan bo‘shatgan maktab direktori ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortildi.