“O‘qiyotgan” muassasaning qayerda joylashganligini bilmay turib o‘qishni ko‘chirib bo‘lmaydi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy (jumladan, qo‘shni) davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish jarayoni haqida bir yoqlama yozilgan maqola va murojaatlar uchrab turibdi. Ayniqsa, “ishi bitmayotganligidan” nolib, turli idoralarga shikoyat qilayotganlar ham ko‘paydi. Muddao ravshan – amaldagi tartibni chetlab bo‘lsa-da, boshqalar qatori talabalikka qabul qilinish.

Bu kabi qalbaki hujjat egalari aslida ko‘rsatilgan xorijiy oliy ta’lim muassasasida o‘qish tugul, uning qayerda joylashganligini ham bilmaydi. O‘z shikoyatlarida yurtimiz oliy ta’lim muassasalarini adolatsizlikda, o‘qishni ko‘chirishni paysalga solishda qasddan ayblashmoqda-ki, bunisiga endi toqat qilib bo‘lmaydi.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan quyidagi holatlarda o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmasligi belgilab qo‘yilgan:

- davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlarga;

- masofaviy (onlayn) ta’lim shaklida tahsil olayotganlarga;

- xorijda o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasi tomonidan talabaning o‘qishi to‘g‘risidagi so‘rovnomaga salbiy javob olingan taqdirda.

Shu bilan birga, o‘qishini ko‘chirayotgan fuqaroning pasportidagi kirish-chiqish belgisini batafsil tekshirish, mabodo muayyan qo‘shni davlatga kirib chiqish belgilari umuman bo‘lmaganda yoki faqatgina bir kunga borib kelgan bo‘lsa, shuningdek, xorijiy davlatlardan o‘qishni imtihonsiz ko‘chirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi buyruqdan so‘ng, ya’ni 2020 yilning 6 fevralidan 15 martigacha chiqib kirgan bo‘lsa (ilgari biror marta ham chiqmagan), bunday fuqarolarni talabalikka qabul qilmaslik to‘g‘risida vazirlikning topshirig‘i bor.

Amaldagi tartib shunisi bilan adolatliki, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha hech qanday vakolatga ega bo‘lmagan firibgarlar bilan “oldi-berdi” qilgan fuqarolar qing‘ir maqsadlariga erisha olmayapti. Endi ular qay eshikka bosh urmasin, avvalboshdan qing‘ir yo‘lni tutganliklari foyda bermayapti.

O‘z navbatida, har birimiz “o‘qimay turib o‘qishni ko‘chiraman”, deya xom xayollar og‘ushida yurgan fuqarolarni bu yo‘ldan qaytarsak, yaxshi bo‘lardi.

Samarqand davlat universiteti matbuot xizmati.