Oqsoy qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi

Nurobod tumanida Oqsoy turizm qishlog‘ining rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Turizm qo‘mitasi raisining o‘rinbosari S.Niyazov, tuman hokimi M.Bo‘ronov, faollar, soha mutaxassislari hamda qishloq aholisi ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda turizm sohasiga berilayotgan e’tibor, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar va turizm qishloqlari orqali hududlar iqtisodiyoti va jozibadorligini oshirish imkoniyatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bugungi kunda Oqsoy qishlog‘ida 20 ga yaqin oilaviy mehmonxona uylari faoliyat yuritmoqda. Qishloq hududida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan, yo‘llar ta’mirlangan, avtoturargoh maydoni asfaltlangan, ariqlar betonlashtirilgan va turizm infratuzilmasi to‘liq raqamlashtirilgan.
“Oqsoy” turizm qishlog‘ining tashkil etilishi hududda turizmni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni kengaytirish va mahalliy aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.