O‘quvchilarni tarix faniga qanday qiziqtirish mumkin?
“O‘tmishni bilmagan kishi na bugunini, na kelajakni, na o‘zini biladi”, degan edi XVIII asrda yashagan fransuz mutafakkiri Volter. Rus olimi M.Lomonosov Volterga yaqinroq qilib, “O‘z o‘tmishini bilmagan xalqning kelajagi yo‘q”, deya ta’kidlagan. Ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriy esa “Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir” degan edi.
Darhaqiqat, o‘z mamlakati va o‘zi yashayotgan hududning tarixini bilmaslik butun jamiyatning ijtimoiy-madaniy darajasiga ta’sir qiladi va milliy o‘ziga xoslik yo‘qolib boradi. Milliy o‘zlik implantatsiya qilinadigan narsa emas. Bu tuyg‘uni maktab o‘quvchilari, talabalarni tarix faniga qiziqtirish orqaligina tarbiyalash mumkin.
Bugungi kunda yoshlarning tarix sohasidagi bilimlari yetarli deb bo‘lmaydi. Bizningcha, buning bir necha sabablari bor. Eng avvalo, tarix fanini o‘qitishning an’anaviy usuli o‘zini oqlamayotganligi vaziyatga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. O‘quv dasturlari hamon sovet davridagi qolip asosida ishlab chiqilmoqda va shu asosda darsliklar nashr etilmoqda.
Umumta’lim maktablari uchun tarix fanini o‘qitish bo‘yicha amaldagi davlat ta’lim standartlari tarixiy sanalar, joy nomlarini eslab qolish, O‘zbekiston va jahon tarixining eng qadimgi davridan XX asr boshlariga qadar insoniyat tarixida muayyan iz qoldirgan muhim voqea va jarayonlar haqida ma’lumotlarni yodda saqlash, bir so‘z bilan aytganda, o‘quvchi ongini «ma’lumotlar ombori»ga aylantirishga yo‘naltirilgan. Ammo o‘quvchiga tarixiy-tadqiqot metodlarini o‘rgatish, bunda muzeylardan, yodgorliklardan, arxeologik tepaliklardan, arxivlardan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish haqida so‘z bormaydi.
Yapon xalqida ajoyib bir maqol bor: «Kimgadir yaxshilik qilishni istasang, unga baliq berma, baliq tutishni o‘rgat». Hozirda umumta’lim maktablarida 5-11 sinflarda jami 12 dona darslik o‘qitiladi. Ularning hammasi sanalar, joy nomlari, tarixiy-voqealarga to‘la. Maktablarimizning aksariyatida an’anaviy ta’lim usullari qo‘llanmoqda. Bunday usul o‘tgan asrning 70-90 yillarida samara bergan bo‘lishi mumkin. Chunki u vaqtlarda o‘quvchining diqqatini o‘ziga tortadigan turli-tuman texnologiyalar hali udum bo‘lmagan, o‘quvchi uchun yagona qiziq joy, bu – maktab bo‘lgan. Hozir o‘quvchilarning diqqatini tortadigan texnologiyalar juda ko‘p. Bular qatoriga maktablar yaqinida ochib qo‘yilgan kompyuter o‘yinlari klublaridan tortib, har bir o‘quvchining qo‘lida uchratish mumkin bo‘lgan smartfonlargacha kiritish mumkin. Ana shu chalg‘ituvchi unsurlardan o‘quvchining diqqatini dars mashg‘ulotlariga qaratish hozirgi dunyoning eng dolzarb muammosidir. Shuning uchun ham bugunning o‘quvchilarga o‘qitishning yangi strategiyalari va yondashuvlari orqali murojaat qilish kerak.
Aks holda o‘qituvchilar, masalan, tarix fani o‘qituvchilari deyarli har kuni o‘quvchilar tomonidan beriladigan «Tarix zerikarli», «Eslab qolish kerak bo‘lgan sanalar juda ham ko‘p», «Qachonlardir bo‘lib o‘tgan voqealar haqida bilishim nimaga kerak?» kabi savollarga duch kelaverishadi.
Ta’lim va tarbiya sohasidagi faoliyat ko‘rsatuvchi tadqiqotchilarning fikricha, zamonaviy ta’lim o‘quvchilarning mustaqil faoliyati, jamoaviy ishi, o‘z-o‘zini o‘qitishi, innovatsion va amaliy mashg‘ulotlar, tanqidiy fikrlash, tashabbuskorlikka e’tibor qaratishi lozim. Tarix ta’limning muhim tarkibiy qismi bo‘lganligi sababli, o‘qituvchilar o‘quvchilarni qiziqtirishga harakat qilishlari va ularni tarixni yodlashdan ko‘ra tushunishga undashlari kerak.
Buning dunyoda tan olingan bir necha usullari mavjud. Ulardan birinchisi o‘quvchilarda faollikni oshirish va ularni o‘qitish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishdir. So‘zsiz, interfaol ta’limning eng muhim uslublari va tamoyillaridan biri, bu darsda ommaviy axborot vositalari va texnologiyalardan foydalanishdir. Masalan, o‘quvchilarni tarix darsiga jalb qilishning eng oson yo‘li birgalikda film tomosha qilish hisoblanadi. Dunyoning yirik kinokonsernlari tomonidan, shu bilan birga O‘zbekistonda ham juda ko‘plab tarixiy filmlar ishlangan va ishlanmoqda. Kino sanoati uchun tarix bitmas-tuganmas manbadir. Kinoijodkorlar tomoshabinlarni jalb qilish uchun muhim voqealar va tarixiy davrlardan ko‘p foydalanadi.
Aytaylik, 8-sinf o‘quvchilari uchun Ashtarxoniylar davri (XVII-XVIII) tarixini o‘qitishda, yaqinda ishlangan «Bahodir Yalanto‘sh» filmidan foydalanish ayni muddaodir. Film yakunida o‘qituvchi ashtarxoniylar sulolasi davrida siyosiy-harbiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayot haqidagi fikrlarini so‘raydi, zaruriy xulosalar chiqarishida ko‘maklashadi. Qo‘qon xonligi tarixini o‘rganishda «Qo‘qon shamoli», Abdulla Qodiriy romanlari asosida sahnalashtirilgan «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» kabi filmlardan foydalanish mumkin. Yoki 10-sinf o‘quvchilari uchun Ikkinchi jahon urushi arafasida Yevropa va fashistlar Germaniyasi tarixini o‘qitishda «Pianinochi», «Shindler ro‘yxati» kabi filmlar asqotadi. Film yakunida totalitar tuzumlar xavfi va Ikkinchi jahon urushining dahshatlari haqida o‘quvchilarning fikrlari so‘raladi va shu yo‘l bilan ularda mavzu bo‘yicha asosiy ko‘nikmalar hosil qilinadi.
Mavzuga qarab to‘liq filmlar, animatsion filmlar, teleshoulardan parchalar, hujjatli filmlar, Youtube hostingidagi videolar va boshqalarni tanlash mumkin. Qanday film bo‘lsa ham o‘quvchilarning yosh kategoriyasiga mos bo‘lishi va sinf o‘quvchilarida haqiqiy reaksiya uyg‘ota olishi lozim. Film yakunida o‘quvchilar qanchalik ko‘p debatga jalb qilinsa, tarixning ma’lum qismini shunchalik ko‘p o‘rganadi.
Tarixni o‘qitishning yana bir samarali usuli, bu – ekskursiyadir. Albatta, o‘quvchilarni har kuni sinfdan olib chiqish mushkul, ammo iloji boricha ular bilan tez-tez ekskursiyalar o‘tkazish lozim. Chunki tarix fani harakat, sayohat bilan uyg‘un tarzda olib borilmas ekan, quruq va zerikarli ko‘rinaveradi. Baxtimizga O‘zbekistonda tarixiy qadamjolar, ziyoratgohlar, muzeylar juda ko‘p. Biroq, masalan, muzeyga o‘quvchilar shunchaki tomosha uchun kelishi natija bermaydi. Ular muzeyga ma’lum vazifani muzey eksponatlari yordamida yakka va guruh bo‘lib yechish uchun kelishlari lozim. Qishloq tumanlarida tuman markazidagi muzeylarga, arxeologik tepaliklarga, yodgorliklarga, mashhur binolarga va ma’lum bir voqea haqida so‘zlovchi diqqatga sazovor joylarga o‘quvchilar tashrifini tashkil etish mumkin.
Tarixni hammadan ham ko‘proq sevuvchilar bu yozuvchilardir. Ma’lum tarixiy mavzularni o‘quvchilar o‘qiyotgan badiiy adabiyotlar bilan bog‘lab tushuntirish ham yaxshi samara beradi. Masalan, Fransiya tarixini o‘rganishda Aleksandr Dyumaning «Uch mushketyorlar» romani qisman bo‘lsa-da yordam beradi. Ushbu kitob yordamida tarixiy faktlarni badiiy to‘qimalardan ajratib olish uchun o‘quvchilarni bahs-munozaraga tortish mumkin. Sovet davrida O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotni Tog‘ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» asari bilan bog‘lab tushuntirish mumkin.
Tarix darslarini geografiya bilan bog‘lab tushuntirish ham yaxshi samara beradi. Chunki joylarni hodisalar bilan bog‘lash o‘rganishni osonlashtiradi. Ba’zida tarix darslariga geografiya o‘qituvchisini taklif qilish yaxshi samara beradi.
Shuningdek, ona tili va adabiyot, rus tili va adabiyoti, ingliz tili o‘qituvchilarini ham shunday darslarga taklif qilish mumkin. Shunda ikki o‘qituvchi hodisalar, davrlar, madaniyatlar va mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy evolyusiyasi haqida interfaol, fanlararo kurs yaratishi mumkin. Tilchilar ham bundan xursand bo‘ladi, chunki bunday aralash darslar o‘quvchilarga o‘rganilayotgan adabiyotni yaxshiroq tushunishiga yordam beradi.
Navbatdagi usul o‘yinli dars usulidir. O‘quvchilar o‘rganish paytida o‘ynashsa yoki zavqlanishsa, yaxshiroq o‘rganadilar va tez zerikib qolmaydilar. O‘yinni har qanday o‘quv muhiti yoki darsiga qo‘shish mumkin. Ularning ichida eng mushkuli tarixdagi sanalarni eslab qolishdir.
Tan olish kerakki, hozirgi tarix darsliklarida sanalar haddan tashqari ko‘p, ular asosan oylar va yillar ko‘rinishida. Masalan, Ikkinchi jahon urushini olaylik. O‘quvchilarga urushning boshlanishi sanasi 1939 yil 1-sentyabrda Germaniyaning Polshaga bostirib kirishi bilan boshlanganligini eslab qolishga majburlash o‘rniga oddiy topshiriqdan ishni boshlash, masalan, "1-sentyabrda qanday muhim voqealar yuz bergan?", savolini o‘rtaga tashlash mumkin. Shunda o‘quvchilar 1-sentyabrni nafaqat jahon urushining boshlanish sanasi ekanligini, shu bilan birga ayni sanada Yaponiya jahon urushida taslim bo‘lganligi, O‘zbekiston mustaqilligi kuni ekanligini yoki uzoqroq tarixda Yevropaning eng mashhur qiroli – Fransiya qiroli Lyudovik XIV hukmronligining tugagan sanasi ekanligini ham bilib oladilar.
O‘quvchilarni tarixga, tarixiy manbalarga qiziqtirishda turli fondlar, nodavlat-notijorat tashkilotlaridan ham foydalanish mumkin. Bunda nodavlat-notijorat tashkilot shaklidagi, maqsadi yoshlarning e’tiborini vatan tarixiga, o‘zlarining kichik shahar va tumanlari tarixiga jalb qilish bo‘lgan tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan maxsus ta’lim va ko‘ngilochar dasturlar yordam beradi. Quyida shunday loyihalardan birini amalga oshirish mexanizmini ko‘rib chiqamiz.
Loyihaning birinchi bosqichi maktab o‘quvchilari o‘rtasida ma’lum shahar yoki tuman haqidagi eng yaxshi ertak tanlovi bo‘lib, unda ishtirok etish uchun yoshlar o‘zlarining hududlari tarixini o‘rganishlari, bobo va momolaridan so‘rashlari, muzeylarga borib manbalar yig‘ishi kerak bo‘ladi.
Tanlovda, eng muhimi, maktab o‘quvchilarini qiziqtirish va hudud tarixini o‘rganish jarayoni zerikarli mashg‘ulot bo‘lib qolmasligidadir. Shu bois maktab o‘quvchilari to‘plangan ma’lumotlarga asoslanib, o‘zlari yoqtirgan shahar haqida qisqacha badiiy asar, ertak yozadilar. Eng yaxshi asar muallifi mukofot oladi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida eng yaxshi ertak asosida badiiy-dekorativ ob’yekt yaratiladi va shahar yoki tuman markazida o‘rnatiladi. Ob’yektga QR-kodli uskuna o‘rnatiladi. Tashrifchilar QR-kodni skanerdan o‘tkazib, maktab o‘quvchisi yozgan, hudud tarixidan hikoya qiluvchi ertakni alohida sahifada o‘qishi mumkin bo‘ladi.
Musobaqa davomida va badiiy-dekorativ ob’yekt loyihasidan so‘ng yoshlar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkaziladi. Yig‘ilgan ma’lumotlar yoshlar ongidagi o‘zgarishlarni kuzatishga yordam beradi. Ushbu loyiha haqiqatan ham ularning tarixni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirdimi va o‘z shahri va ehtimol, o‘z mamlakati o‘tmishi haqida bilish istagini uyg‘otdimi, aniq bo‘ladi.
Ko‘rinib turibdiki, yoshlar oldiga qo‘yilgan vazifa tarixni o‘rganishning odatiy usullaridan farq qiladi. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida maktab o‘quvchilari o‘zlari tug‘ilib o‘sgan hudud tarixini eslab qoladilar va qiziqishi ortadi. Yondashuv an’anaviy o‘qitish usulidan farq qilib, yosh bolalarda ijodkorlik, yangilikka intilish va o‘zini namoyon qilish qobiliyatini shakllantiradi. Bu usul maktab o‘quvchilarining tarix fanini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi va eng muhimi, ularni biror narsani o‘rganishga majburlamaydi.
Yuqorida ko‘rib chiqilgan usullar yordamida katta hajmdagi voqea-hodisalar va tarixiy sanalarni eslab qolish mumkin. Shu bilan birga, tarix fanini o‘qitishning davlat ta’lim standartlarini ham qayta ko‘rib chiqish zarurdir. Hozirda tarix fani umumta’lim maktablarining 5-sinfidan boshlanadi va unda o‘quvchilar «Vatan tarixidan hikoyalar» (To‘maris, Shiroq haqidagi va boshqa afsonalar) darsligini o‘qishadi.
O‘quvchiga to‘satdan Ahamoniylar shohi Kir II yoki Doro I haqidagi afsonalarni tushuntirish kam samara beradi, o‘quvchini tarix faniga qiziqtirishi qiyin. Umumta’lim maktablarida tarix fanini o‘qitishni «kichik vatan-katta vatan-dunyo» tamoyili asosida qayta tashkil etish kerak, deb hisoblaymiz. Bu qanday ishlaydi? 5-sinfdagi o‘quvchilar, eng avvalo, o‘zi yashab turgan mahalla va tuman, ya’ni kichik vatanining tarixi, undagi yodgorliklar bilan bog‘liq o‘tmishni o‘rganish bilan tarix ilmiga kirib keladi. Keyingi sinflarda viloyat, respublika, jahon tarixini bosqichma-bosqich o‘zlashtirib boradi. Bunda o‘quvchi hududdagi muzeylar, arxivlar (katta sinflarda), yodgorliklar, yoshi ulug‘larning hikoyalaridan manba sifatida foydalanadi. Shunda o‘quvchida, avvalo, vatan haqidagi tasavvur shakllanadi. O‘z kichik vatanining mamlakat tarixida tutgan o‘rnini, o‘z davlatining jahon tarixida tutgan o‘rnini yaxshiroq anglashiga yordam beradi. O‘z mamlakati tarixini yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchi jahonning boshqa davlatlaridagi voqea-hodisalar bilan solishtiradi, xulosalar chiqaradi. Shu yo‘sinda o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt urf-odatlari, milliy o‘ziga xosligi, qadriyatlarini o‘rganadi va kelgusi avlod uchun asraydi. Oxir-oqibatda o‘quvchi nafaqat tarixni o‘zlashtiradi, balki umuminsoniy madaniyat tashuvchisi sifatidagi o‘rnini saqlab qoladi.
Mahmudxon Yunusov,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.