O‘quvchini kaltaklagan o‘qituvchiga intizomiy chora ko‘rildi
Samarqandda o‘qituvchi darsda o‘zini tutolmagan o‘quvchini kaltaklayotgani aks etgan video tarqalgan edi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi holat bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, voqea 16 dekabr kuni Samarqand shahridagi 21-umumta’lim maktabida geografiya darsida sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan maktabning navbatdan tashqari pedagoglar kengashi yig‘ilishi o‘tkazilgan. Kengash bayonnomasiga ko‘ra, o‘qituvchi S.H. geografiya darsida koptok tepib o‘ynab o‘tirgan o‘quvchi D.E.ni darsga xalaqit bermasligi yuzasidan bir necha bor ogohlantirgan va sinf xonasidan chiqarib yuborgan. Shundan so‘ng o‘quvchi sinfga derazadan kirib o‘qituvchini sensirab haqorat qilgan. Ushbu holatdan keyin o‘qituvchi o‘zini to‘xtata olmay bolani kaltaklagani aytilgan.
Mazkur holat yuzasidan 21-umumta’lim maktabi geografiya fani o‘qituvchisi S.H.ga xalq ta’lim vazirining 2022 yil 28 iyunda qabul qilingan «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari»ni qo‘pol ravishda buzgani uchun hayfsan intizomiy chorasi qo‘llanilgan.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi o‘qituvchi va o‘quvchining onasi bilan alohida-alohida suhbatlashgan. Suhbat davomida o‘qituvchi bunday holat boshqa qaytarilmasligini o‘z ishidan pushaymonligini bildirgan. O‘quvchining onasi esa bolasining sho‘xligini ta’kidlab, hech kimga da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.