Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘quvchini kaltaklash, jismoniy kuch ishlatish, unga ruhiy tazyiq o‘tkazish mumkin emas

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati maktablarda o‘quvchilarning kaltaklanayotgani holatlariga munosabat bildirdi.

Bolaning yuziga tarsaki tortish nafaqat o‘qituvchiga, balki ota-onaga ham qat’iyan taqiqlangan xatti-harakat. Bu yo‘l bilan hech qachon yaxshilikka erishib bo‘lmaydi. Yuziga tortilgan tarsaki bilan hech bir bolaning hurmatini qozona olmaysiz.

"Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari" hamda Xalq ta’limi vazirining 2022 yil 28 iyuldagi buyrug‘iga ko‘ra, o‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarni jazolash maqsadida ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatish va ruhiy tazyiq o‘tkazishlari qat’iyan taqiqlanadi.

Bugungi zamon o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan faqat do‘stona munosabat o‘rnatish orqali natijaga erishish mumkinligini taqozo etadi. Har bir o‘quvchi bilan muammoni birgalikda ijobiy hal etish - bugungi kun pedagogining burchi hisoblanadi. Agar do‘stona munosabat orqali natijaga erishishning imkoni bo‘lmasa, buni hal etish uchun bolaning ota-onasi yoxud uchastka noziri jalb etish to‘g‘ri sanaladi. Lekin bolaga qo‘l ko‘tarishga haqqingiz yo‘q.

Jismoniy jazo shaxsiyatni yo‘q qiladi va atrofdagilarga ishonchsizlikni o‘rgatadi. "Kim kuchliroq bo‘lsa, u haq" degan xulosaga olib keladi. Bola yolg‘on gapirishni, o‘zidagi his-tuyg‘ularni bostirishni o‘rganadi. U xato qilishdan qo‘rqadi, chunki u jazolanish va og‘riq his qilishni xohlamaydi. Kelajakda bunday kuch ko‘rinishlariga duch kelmaslik uchun hamma uchun qulay bo‘lishni o‘rganadi.

O‘qituvchi bugun jamiyatimizning eng obro‘li vakili bo‘lishi kerak, degan tamoyilga asoslangan holda Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni doim himoya qilishga harakat qiladi. Lekin o‘qituvchilardan o‘z faoliyati davomida odob-axloq qoidalariga rioya qilishini so‘rab qolamiz.

Shu o‘rinda ota-onalardan ham o‘qituvchi sha’ni, qadr-qimmatini hurmat qilishlari va dars jarayonlariga aralashib, pedagoglarni haqorat qilmasliklari so‘raladi.

O‘quvchilarga ham dars jarayonida telefondan foydalanishlari qat’iyan taqiqlanganligini eslatib o‘tamiz. Agar ogohlantirishga qaramasdan dars jarayonida telefondan foydalanish holatlari davom etsa, sinf va muassasa rahbariyati telefonni olib qo‘yib, o‘quvchining ota-onasini ogohlantiradi. Holat bo‘yicha inspektor-psixolog tomonidan o‘quvchining ota-onasini Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi "Oila-mahalla-ta’lim muassasasi" hamkorligi Jamoat va kuzatuv kengashlari doirasida muhokamalardan so‘ng o‘quvchining ota-onasiga qaytarib beriladi.

Shunday holatlar o‘quv yili davomida takrorlanadigan bo‘lsa, o‘quvchi ichki ishlar organlarining profilaktik ro‘yxatiga qo‘yiladi",  deyiladi munosabatda. 

Shuningdek, o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari bilan har bir ota-ona, o‘qituvchi va o‘quvchilar tanishib chiqishi va amal qilishi so‘ralgan.