Order berish tartibi o‘zgardi

Prezidentimizning “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tizimini takomillashtirish bo‘yicha bir qator muhim vazifalar belgilandi.

Ayni kunlarda aholiga respublikada 9 hamda viloyatdagi oltita ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida order berish tartibi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning yetti oyi davomida viloyatimizdagi 2374 nafar aholiga statsionar, 1641 nafariga ambulator davolanish uchun order berilgan. Order berish tartibi kasallikning darajasiga qarab belgilanadi. Ba’zida order olish uchun oylab navbatda turishga to‘g‘ri kelardi. Mamlakatimiz rahbarining yuqoridagi qaroridan kelib chiqqan holda joriy yil 1 oktyabrdan boshlab yurtimizdagi 13 ta ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasasi va Bolalar milliy tibbiyot markaziga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinadi va moliyalashtirishning yangi mexanizmi asosida ularni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi joriy etiladi.

Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga davolanishga yo‘llashda kasallikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib axborot tizimi orqali navbatda turishning shaffof mexanizmlari tatbiq etiladi. Kam ta’minlangan oilalarga mansub shaxslar toifasiga kiruvchi fuqarolar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga muvofiq aniqlanadi. Shuningdek, bemorlarga o‘zlarining so‘rovlari, murojaatlari hamda navbati haqidagi axborotni real vaqt rejimida olish imkoniyati ta’minlanadi. Bemorlarga, ularning kasalligiga muvofiq ixtisoslashtirilgan muassasalarda davolanishlarini ta’minlaydigan, tibbiy xizmatning qiymati ko‘rsatilgan hamda matritsali shtrix kod (QR-kod)ga ega bo‘lgan yo‘llanma beriladi. Yo‘llanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantirilgach, davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmatlar olish huquqini beradi.

Bemor davolanganidan so‘ng Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi davolagan muassasaga bazaviy narxlar doirasida bemorga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq, sarflangan mablag‘ni Davlat byudjeti hisobidan o‘tkazib beradi.

Qarorga muvofiq, amaldagi order berish tartibiga asosan rasmiylashtirilgan orderlardan 2022 yil 1 yanvarga qadar foydalanish belgilangan.

Saidmurod O‘TAMURODOV,

viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimi.