O‘rmon xo‘jaligida faqat daraxt o‘smaydi

Viloyat Matbuot uyida viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasiga qarashli  Oqdaryo o‘rmon xo‘jaligi direktori o‘rinbosari, bosh o‘rmonbegi Muzrobxon Saydaliyev ishtirokida o‘rmonlarni kengaytirish va o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Oqdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi tasarrufida qariyb 812 gektar yer maydoni bo‘lib, 210 gektar o‘rmonzor, 168,1 gektar terakzordan tashqari 1,8 gektar yong‘oqzor. Shuningdek, 150 gektar sug‘orib haydaladigan yer, 54,6 gektar bog‘, 1,8 gektar uzumzor, 7,7 gektar ko‘chatxona, 200 gektar yaylov bor.

- O‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan 72,7 gektar maydonida dorivor giyohlar va yong‘oq yetishtirilmoqda, - deydi M.Saydaliyev. – Joriy yilda "Darxon" o‘rmon xo‘jaligidan 20 ming tup pavlovniya, 35 ming tup terak ko‘chatlari urug‘ini olib kelib, parvarishlayapmiz. Xo‘jaligimizning “Xoldor” bo‘limida 51,1 gektar, “Oqsulot”da 6,20 gektar, “Boybo‘ta” bo‘limida 8,1 gektar hamda  “G‘alaba” bo‘limida yangi o‘rmonlar barpo etdik.

Bugungi kunda Oqdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida aholi bilan shartnoma asosida asalarichilik, echkichilik, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik sohalari ham rivojlantirilmoqda. Jumladan, joriy yilda 70 ta asal uyasidan 1 tonna asal yig‘ishtirib olindi. Na’matak, lavanda kabi 5-6 ta dorivor giyohlar allaqachon hosilga kirdi. Parrandachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda mingdan ziyod tovuq va 500 ga yaqin o‘rdak boqilyapti.

Anjumanda o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari jurnalistlarning qiziqtirgan savollarga javob berdi.