O‘rtahisar “Dunyoning eng go‘zal 50 qishlog‘i” ro‘yxatiga kiritildi

Ushbu qishloq O‘zbekistonda emas, balki Turkiyada joylashgan. Ammo bizning qishloqlar ham uning tabiati, ko‘rkamligi va jozibasidan qolishmaydi.
O‘rtahisar “Forbes” jurnalining 2025 yilgi “Dunyoning eng go‘zal 50 qishlog‘i” ro‘yxatidan joy oldi. Bu qishloq har bir sayyohning mintaqada albatta ko‘rishi kerak bo‘lgan manzillardan biri. U Kappadokiyaning o‘ziga xos qoya o‘ymakorligini qadimiy qal’asi va issiq havo sharlariga to‘la osmon bilan uyg‘unlashtiradi.
“Forbes” O‘rtahisarni Kappadokiya bag‘rida qad ko‘targan, kulrang va zarg‘aldoq ranglar bilan tovlanib turgan osmon ostidagi maskan sifatida tasvirlaydi. Ming yillar davomida Erjiyes, Hasan va Gullu tog‘larida vulqon otilishi natijasida hosil bo‘lgan yumshoq qatlamlar shamol va yomg‘ir ta’sirida asta-sekin ulkan qoyatoshlarga aylandi. Tabiat va vaqt ta’sirida vujudga kelgan bu betakror manzara Kappadokiyaning ramziy timsoli bo‘lib qoldi.
O‘rtahisar qal’asi ulkan qoyada o‘yilgan tabiiy qal’a bo‘lib, shaharning qoq markazida joylashgan. Aytishlaricha, qal’a xetlar davrida o‘yib ishlangan. Qal’ada g‘orlar, kaptarxonalar va labirintli tunnellar mavjud bo‘lib, dunyodagi birinchi ko‘p qavatli aholi punktlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda u ajoyib panoramik manzaralarni taqdim etuvchi mintaqadagi eng baland nuqtalardan biridir.
Kappadokiya milliy me’morchiligining o‘ziga xos namunalarini O‘rtahisar etaklarida joylashgan mahalliy uylarda ko‘rish mumkin. Do‘konlar va xushbo‘y iforli choy bog‘lari bilan o‘ralgan tosh ko‘chalar tabiiy go‘zal vodiylarga olib boradi. Bu vodiylarda o‘yib ishlangan omborlar tarixda O‘rta yer dengizidan olib kelingan olma, kartoshka, apelsin va limon kabi mahalliy mahsulotlarni saqlash uchun xizmat qilgan.
Darvoqe, qishloqning mashhur sopol idishlarida pishirilgan go‘sht va mahalliy mevalarning ajoyib uyg‘unligi noyob tajribadir. Shu kabi eksponatlar mavjudligi sabab yaqinda Kappadokiya Michelin qo‘llanmasiga kiritildi va madaniy hamda gastronomik turizm bo‘yicha jahondagi mavqeini yanada mustahkamladi.
Zilola tayyorladi.