Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi, bu hayot tugadi degani emas

OIV va OITS nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy muammodir. Jamiyatda bag‘rikenglikni rivojlantirish va ushbu kasallik bilan kasallangan odamlarning tegishli tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash juda muhim.
OIV bilan yashovchi shaxslar jamiyatda o‘zlariga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lish, atrofdagilardan xavfsirash, yaqinlari, do‘stlari, hamkasblari, qo‘shnilari ulardan yuz o‘girishidan (stigma, diskriminatsiyaga uchrashdan) qo‘rqadilar. Natijada bemorlar ijtimoiy tengsizlikdan qo‘rqib, salbiy munosabatlardan qochish maqsadida tibbiy yordamga murojaat etmaydi yoki kasallikning kech bosqichlarida tibbiy yordamga murojaat qiladi.
Stigmatizatsiya va diskriminatsiya OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishda hamda u bilan bog‘liq ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘ladi.
Stigma o‘zi nima?
Stigma bu (“yorliq”, “tamg‘a” ma’nosini anglatadi) - o‘ta kuchli ijtimoiy yorliq bo‘lib, atrofdagi insonlar bilan munosabatni yomonlashtirib, yomon sifatli kimsa sifatida o‘ziga ishonchini yo‘qotishiga olib keladi.
Diskriminatsiya nima?
Diskriminatsiya (kamsitish, ajratish) atrofdagi insonlarning OIV bilan yashovchi shaxsga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lishini bildiradi.
Ko‘pchilikda OIV bilan yashovchi shaxsga nisbatan xavfsirash, qo‘rquv va salbiy munosabat paydo bo‘ladi. Oqibatda bemorlarni haqoratlanishi, jamiyatda rad etilishi va ijtimoiy hayotdan chetlatilishiga sabab bo‘ladi.
Ayrim insonlar kimnidir OIV bilan xastalanganini eshitsa, birinchi navbatda o‘sha odamni xavfli xulq-atvorga ega shaxs deb o‘ylashadi. Oqibatda, kishilar OIV infeksiyasi bilan yashovchilarga yaqinlashishga qo‘rqadi. Stigma insonga faqatgina yoqimsiz sifatni ko‘tarib yuruvchidek qarashga majbur qiladi va atrofdagilar bilan muloqotga kirishishiga hamda o‘z-o‘zini anglashiga ta’sir ko‘rsatadi.
Jamiyatda stigma va diskriminatsiya ko‘plab sohalarda - sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi, oila, ish joyi, savdo majmualari va boshqalarda uchrashi mumkin.
Faqat OIV bilan yashovchi insonlar emas, balki boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar (sil, gepatit S, saraton, nogiron va h.k.) bilan og‘rigan bemorlar ham boshqa insonlar kabi qonunan himoyalangan.
Stigma va diskriminatsiyani pasaytirish imkonini beradigan tadbirlar:
- aholining OIV va OITSga oid xabardorligini oshirish;
- xavfsiz xulq-atvor ko‘nikmalariga o‘rgatish;
- umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan fikr-munosabatlarning shakllanishi;
- ijobiy huquqiy muhitni yaratish (milliy va xalqaro huquqiy me’yorlarni ta’minlash).
Odamlar ijtimoiy norozilikdan qo‘rqib, tibbiy yordamga murojaat qilish yoki OIV uchun testdan o‘tishdan qo‘rqishsa, bu infeksiya tarqalishini samarali nazorat qilishga to‘sqinlik qiladi.
Samarali ta’lim dasturlari kasallikning yuqishi va oldini olish haqida to‘g‘ri bilim beradi, qo‘rquv va boshqa salbiy ijtimoiy jihatlarni kamaytiradi.
Qolaversa, jamiyatimiz OIV va OITS muammosiga alohida e’tibor qaratsa, ushbu orqali uning har bir a’zosiga insonparvarlik, g‘amxo‘rlikni ko‘rsatadi. Bu har bir kishi, shu jumladan, kasallik bilan yashayotganlar uchun yanada qulayroq va inklyuziv muhit yaratadi.
Dildora Ahmedova, viloyat OITSga qarshi kurash markazi vrach epidemiologi.