Orzuga ishonchli harakat bilan erishiladi

Sizga kerak bo‘ladigan narsa hammaga kerakdek tuyuladi. Ya’ni, boylik, hashamatli uy hammaga kerak. Atrofingizga boqing, hamma bir xil emas. Yurishimiz, fikrlashimiz va xohishlarimiz har xil. Dunyoda aynan bir xil narsaning o‘zi yo‘q.

Tabiatdagi barglarni oling, hatto bir daraxtdan to‘kilgan barglar to‘rli xil. Bir xil ko‘rinsa-da, ular orasidan aynan bir xil ikkita bargni topish amri mahol. Buni tabiatshunoslar yaxshi biladi. Odamlarning orzu-o‘ylari, xohish-istaklari ham turlicha.

Masalan, Boltavoy qizil rangli avtomashinasi, shahar kaftdek ko‘rinishi uchun to‘qqizinchi qavatdan uyi bo‘lishini orzu qiladi. Kimdir dengiz bo‘ylab sayohat qilishni, kimdir oyga uchishni istasa, yana kimdir harakatsiz oyoqlariga qarab turib, yurib ketishni Yaratgandan so‘raydi. Yana kimgadir farzandlari salomat bo‘lsa bas. Demak, olamda hammaning orzulari bo‘lakcha. Buning uchun amalga oshmaydigan xayoliy voqealarni emas, real bo‘lishi mumkin bo‘lgan jarayon sari intilish kerak.

Olaylik, ish joyingizda xodimlar orasida obro‘-e’tiborga erishmoqchisiz. Buning uchun birgina xohishning o‘zi kamlik qiladi. Maxsus dastur bosqichlari sizning orzungizga yaqinlashishga yordam beradi. Ishni nimadan boshlash kerak?

Orzungiz amalga oshishi uchun bugundan zamin tayyorlang!
Uning ushalishini bir zumda ko‘rmaysiz. Chunki real narsani orzu qilyapsiz. Tasavvur qiling, tashqari tuman bilan qoplangan. Siz uyingizga boryapsiz, manzil aniq. Uyingiz esa tumanda ko‘rinmayapti, lekin shunday bo‘lsa-da, siz to‘xtamay boryapsiz. Qadamba-qadam unga yaqinlashyapsiz. Birinchi uyning g‘ira-shira tashqi ko‘rinishini, asta-sekin kirish darvozasini ko‘ryapsiz. Qarabsizki, uyingizni ko‘rib turibsiz. Qo‘l cho‘zsangiz, qo‘lingiz yetadi. Manzilga yetib keldingiz. Orzuga ham qalbda ishonch bilan harakat qilish lozim.

Orzuga xursandchilik va mehnat orqali erishiladi. G‘am-tashvishlar orzudan uzoqlashtiradi. Kimnidir qiynash yoki qattiq ruhiy azoblanish orqali hech qachon orzungiz amalga oshmaydi. Amalga oshsa ham sizga tatimaydi. Yovuzlik bilan ushalgan orzu anduhga aylanadi.

Farangiz DO‘STMURODOVA,
Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari.