O‘sha kuni Said Ahmad ijodi bo‘yicha ilk darsimni o‘tishim kerak edi...
(esse)
2007 yilning oxirlari. Oliygohning so‘nggi bosqichida o‘qiymiz. Bizni amaliyot o‘tash uchun maktablarga yuborishdi. O‘qituvchilarning darslarini kuzatamiz, ular imkon berishsa ming bir hayajon va titroq bilan dars boshlaymiz. Amaliyotdagi ustozimning ko‘rsatmasi bilan "Said Ahmad hayoti va ijodi" mavzusida dars o‘tishga tayyorlana boshladim.
Torgina xonada to‘rt dugona ijarada yashaymiz. Uy egasining almisoqdan qolgan qizil radiosi bo‘lib, yangiliklardan o‘sha beminnat quti yordamida xabar topardik. Erta sahar uyqudan uyg‘onib bugungi hayojonli kun ssenariysini xayolimdan o‘tkaza boshladim. Kutilmaganda radiodan Said Ahmadning vafoti to‘g‘risidagi xabar yangradi. To‘rtalamiz bir-birimizga qarab qotib qolganmiz. Tilimiz kalimaga kelmas, ko‘zlarimizda yosh miltillar, bir so‘z ayta olmasdik. Ehtimol, ayrimlar uchun bu hol erishdek tuyular, ammo biz, bo‘lajak ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari uchun bu hodisa katta qayg‘u, ulkan yo‘qotish edi. Sevimli adibimiz asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar haqida uzoq bahslashgan paytlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Shuning uchunmi bilmadim, o‘zbek adabiyoti tom ma’nodagi shunday ajoyib ustoz adibidan ayrilganiga ishongimiz kelmasdi. Lekin nachora, o‘lim haq. Bu dunyoda hech kim va hech narsa abadiy emas.
O‘sha kuni darsni zo‘rg‘a o‘tdim. O‘quvchilarga mash’um xabar haqida aytarkanman, o‘zimni juda-juda yomon his qildim. Xuddi yaqin insonimni yo‘qotgandek. Haqiqatan ham Said Ahmad o‘zining betakror asarlari bilan ko‘nglimizga yaqin bo‘lishga ulgurgan. Uning satrlaridan najot topgan, miriqib kulgan, hayotiy xulosalar olgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan.
Said Ahmad "Yo‘qotganlarim va topganlarim" asarida ustozlari, shogirdlari, zamondoshlari haqida ajoyib xotiralarni yozgan. Biz yumor bilan qorishib ketgan qaynoq satrlarni tabassum bilan o‘qiymiz va eslaymiz. Achchiq xotiralar esa beixtiyor nigohlarimizga ko‘chadi. O‘zbek adabiyotining buyuk darg‘asi Said Ahmad o‘zidan g‘oyat boy va go‘zal adabiy meros qoldirib ketdi. Uning ma’naviy merosi biz, avlodlar uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Ustoz bugun oramizda yo‘q. Biroq ko‘ngilga taskin beradigan bir narsa bor, ustozning asarlari mangu barhayot va hamisha biz bilan birga.
Turdigul Abdiyeva,
Samarqand shahridagi 80-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.