Ostonada qish: gaz tarmoqlari qachon ta’mirlanadi?

Xo‘sh, belgilangan vazifalar ijrosi, bajarilgan ishlar sifati ko‘ngildagidekmi? Gaz ta’minoti korxonasi xodimlari aholini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun gaz tarmoqlari, uzatish shoxobchalari va gaz taqsimlash qutilarini mavsumga shay qildimi? Inspeksiyamiz mutaxassislari joylarga chiqib, bu borada amalga oshirilgan yumushlarni o‘rgandi.

Afsuski, o‘rganishlar davomida shaharning ayrim hududlarida bu ishda qator kamchiliklar mavjudligi oydinlashdi. Jumladan, gaz tarmoqlarini mukammal ta’mirlash bo‘yicha shaharning Beruniy ko‘chasidan Gagarin ko‘chasigacha bo‘lgan 0,9 kilometr uzunlikdagi o‘rta bosimli yer osti gaz quvurini mukammal ta’mirlash ishlari joriy yilning 2-3 choraklarida yakunlanishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, bu ishlarni bajarishga haligacha kirishilmagan. Dahbed ko‘chasidan Siyob bozori hududigacha bo‘lgan 0,3 kilometr uzunlikdagi o‘rta bosimli yerosti gaz quvurini mukammal ta’mirlash ishlari iyun oyida yakunlanishi belgilangani holda ta’mirlash ishlarini issiq-iliq kunlarda bajarishga kirishish gazchilarning xayol ko‘chasidan ham o‘tgani yo‘q.

Gaz tarmoqlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha belgilangan ishlar haqida ham shunday xulosaga kelish mumkin. Shaharning Muqimiy ko‘chasidan Nodir Devonbegi ko‘chasigacha 0,3 kilometr uzunlikdagi, Muliyon-1 mahallasidan Termiz ko‘chasigacha 0,4 kilometr uzunlikdagi, Bog‘i Mirzo mahallasidan Termiz ko‘chasigacha bo‘lgan 1,5 kilometr uzunlikdagi o‘rta bosimli yerosti gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish ishlari, mana, qish ostona hatlayotgan bo‘lsa-da, umuman boshlanmagan. Axir ushbu gaz quvurlaridan qancha aholi, ijtimoiy soha ob’yektlari foydalanadi. Qishning qirovli kunlarida bu gaz quvurlarida nosozlik sezilsa, avvalo, aholi sovuqda gazsiz qoladi, qolaversa, uni ta’mirlash gaz xodimlari uchun ikki hissa qiyinchilik keltirib chiqaradi.

Xonadonlarni tabiiy gaz bilan ta’minlashda gaz taqsimlash qutilarining o‘rni katta. Shu bois ularni mavsum oldidan to‘liq nazoratdan o‘tkazish shart. Ammo bugungi kungacha shahardagi profilaktikadan o‘tkazilishi belgilangan 2161 dona gaz taqsimlash qutisining 351 tasida bu ishlar bajarilmagan. Nazorat va tekshirishdan o‘tkazilgan gaz taqsimlash qutilarining ayrimlarida esa eshiklar nosoz, qulf qo‘yilmagan, gaz bosimini o‘lchash manometrlari yo‘q, profilaktika ishlari qoniqarsiz bajarilgan.

Ikrom MAXSUMOV,

"O‘zdavneftgazinspeksiya" viloyat bo‘limi bosh texnologi.