Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"O‘t ketsa, ho‘l-quruq qolmay yonadi"

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ismatulla Yo‘ldoshev 1953 yil 10 mayda Urgut tumanida tug‘ilgan.

Toshkent davlat universiteti huquqshunoslik fakultetini tugatgan.

Uzoq yillar prokuratura organlarida ishlagan.

I.Yo‘ldoshevning “Habib bo‘lgil menga, muhabbat”, “Bunda tonglar kashf etar o‘zni”, “Armonli dunyo”, “Havas”, “Bir hovuch oftob”, “Ko‘ngil yog‘dusi”, “Umr devoni”, “Qalb chirog‘i”, “Beshikdagi nur”, “Rubeji jizni”, “Umr sarhadlari” kabi o‘nlab she’riy kitoblari, hujjatli qissalari nashr etilgan.

2007 yilda «Sharq» nashriyot matbaa konsernida she’rlar, ruboiylar, kinossenariylar, qissalar, badiha, risola va badiiy lavhalari jamlangan uch jilddan iborat “Tanlangan asarlar” kitobi chop qilingan. Asarlari asosida ikkita badiiy film yaratilgan.

I.Yo‘ldoshev 2021 yil 30 iyulda da vafot etgan.

Quyidagi shoirning she’rlaridan to‘rtliklar o‘qiysiz.
***
Bir so‘zki, taftidan kelar harorat,
Bir so‘zki, atridan dilda tarovat.
Ko‘ngil obodligi yurt obodligi –
Obodlik tinchlikka berar shahodat.

* * *
Ba’zilar matlabi mansab va boylik,
Ularga zar-zevar, oltin chiroylik.
Kimdir diydasi to‘q, kim nafsiga qul –
Kimdir zog‘lik yoqar, kimdir humoylik.

* * *
O‘t ketsa, ho‘l-quruq qolmay yonadi,
Qanoat aylasang, nafsing qonadi.
Eng yaxshi do‘stingdan xiyonat kutma –
U avval sotadi, keyin tonadi.

* * *
Ahmoqning bo‘lmaydi aniq nishoni,
Shakkoklik qilmagin zinhor ishonib.
Quloqqa «tepadi» laqmani topsa –
Johilga chiqarar ahli peshvoni.

* * *
Devorda bo‘lmasa edi gar quloq,
Har aytgan kaloming bo‘lmasdi uloq.
Devorga gapirdik, sado chiqmadi –
Lekin men gung bo‘ldim, sen bo‘lding cho‘loq.