Ota-bola o‘g‘rilarga jazo tayinlandi

Norboy (ismlar o‘zgartirilgan) hali yosh, endi qirq yoshni qoralyapti. Ikki nafar farzandning otasi, aql-hushli kimsa edi. Ammo undagi ma’nan qashshoqlik, nafsi yo‘lida o‘zgalar haqidan qo‘rqmaslik kabi qusurlari namoyon bo‘ldi.

Bir kuni spirtli ichimlik ichib, mast bo‘lgan ota hali voyaga yetmagan o‘g‘lini jinoyatga boshladi. Tuman markazidagi savdo do‘koniga o‘g‘irlik qilish uchun kirishga tezladi. Nurjon 15 yoshda, oqu qorani, egri va to‘g‘rini ancha-muncha bilib qolgan. Biroq u mast ota bilan bahslashgisi kelmadimi yoki o‘zining ham o‘g‘irlikka mayli bo‘lganmi otasini bu yo‘ldan qaytarmadi.

Ota va o‘g‘il jinoiy sherik bo‘lib, yarim tunda xo‘jalik mollari, telefon apparatlari va aksessuarlari sotiladigan do‘konning orqa eshigi qulfini temir bo‘lagi bilan buzib, ichkariga kirdi. Do‘kondan 14 ta har xil turdagi mobil telefonlar va 1 dona video-kuzatuv kameralari xotirasini, jami 9.500.000 so‘mlik mol-mulklarni o‘g‘irlab chiqishdi.

Ertasi kuni ishga kelgan do‘kon egasi Tohir bir nechta telefonlari va tortmadagi 30 000 so‘m pul yo‘qligini bildi. Do‘kon ichiga o‘rnatilgan video-kuzatuv yozuvlarini saqlash apparati (videokamera xotirasi) simlaridan kesib olib ketilgan edi. U darhol tuman IIBga xabar berdi. Ko‘p o‘tmay IIB xodimlari yetib kelishdi. Tohir ularga holatni aytib, yana bitta videoyozuvlarni saqlash xotirasi borligini aytdi. Darhol video-kuzatuv moslamasining xotirasi ko‘zdan kechirilganda hammasi ma’lum bo‘ldi.

Norboy bilan Nurjonni topish va qilmishlarini isbotlash qiyin bo‘lmadi.

Sudlanuvchilar o‘g‘irlagan mulklarni egasiga qaytardi.

Sud Nurjonga 6 oy, otasi Norboyga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Abduhakim OLTIBOYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.