Ota ikki oylik qizini bozor rastasiga tashlab ketdi

Toshkent shahar IIBBning xabariga ko‘ra, “Chilonzor” bozoridagi savdo majmuasida 32 yoshli R.D. spirtli ichimliklar ta’sirida ikki oylik qizini savdogarlarning rastasiga qo‘yib ketgan. Bozor hududida navbatchilik qilgan xodimlar bolani 9-IIBga yetkazishgan.

Tez orada chaqaloqning otasi topilib, IIBga olib borilgan. Uning ma’lum qilishicha, joriy yilning bahor oyida u turmush o‘rtog‘i N.M. bilan birgalikda Toshkentga ish izlab kelishgan. Ular uy izlash muammosiga yo‘liqqanlarida, oralarida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

Navbatdagi kelishmovchilikdan so‘ng N.M. eriga bolasini qoldirib, o‘zi ketib qolgan. Eri turmush o‘rtog‘ining qayerda ekanligini va u bilan qanday bog‘lanish mumkinligini bilmagan.

Chilonzor tumani IIO FMB xodimlarining aniqlashicha, bolaning onasi Surxandaryo viloyatida tug‘ilgan. Jarqo‘rg‘on tumani IIB ayol Toshkent viloyatida ekanligini aniqlagan va u 9-ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

Bolasini nima uchun tashlab ketganligi haqidagi savollarga ayol turmush o‘rtog‘i bilan orasidagi muammolar hamda turar-joy yo‘qligi sababli bu ishni qilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, u Surxondaryo viloyatiga qaytib ketishda yordam so‘ragan.

Jarqo‘rg‘on tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori bilan hamkorlikda ayol bola bilan uyiga jo‘natilgan.