Ota-ona hamkor, nazoratchi bo‘lsa, ta’limda sifat ham, samaradorlik ham oshadi

Ota-onalar, mahalla faollari, nuroniylar, diniy idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirok etgan tadbirlarda o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishda sifat va samaradorlikka erishish, bu yo‘ldagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish masalalari haqida so‘z yuritildi.
800 nafardan ziyod ota-ona yig‘ilgan Jomboy tumanidagi 7-umumta’lim  maktabidagi tadbirda Prezidentimizning parlamentga qilgan Murojaatnomasida yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, ilm va ma’rifatli qilib voyaga yetkazishga doir muhim tashabbuslar, ota-onalar, mahalla faollarining ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda farzand tarbiyasiga mas’uliyatli yondashishi, ularning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri tashkil etish, uy vazifalarini bajarishda nazoratni kuchaytirish, davomatni yaxshilashda javobgarlikni his etish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirlarda maktab direktorlari jamoatchilik oldida o‘quv yilining birinchi yarmi davomida qilingan ishlar, istiqboldagi rejalar xususida hisobot berar ekan, mavjud muammolarga ham to‘xtaldi.
oshlanishi 1-sahifada).


– Bir yarim mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olayotgan muassasamizda o‘qish ikki smenada tashkil etilganiga qaramasdan, fanlar bo‘yicha to‘laqonli bilim berish maqsadida o‘quvchilarni guruhlarga bo‘lib o‘qitish, qo‘shimcha darslar o‘tish uchun sinflarimiz yetishmaydi, – deydi Payariq tumanidagi 79-umumta’lim maktabi direktori A.Jo‘rayev. – Yangi yilning ilk oyidan boshlab, har bir fan bo‘yicha darsdan tashqari bepul to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Ammo bu to‘garaklarga o‘quvchilarning qatnovini ta’minlashda ota-onalar sustkashlikka yo‘l qo‘yayotir. Bilamizki, mutolaa o‘quvchining fikrlash doirasi, nutqi, dunyoqarashi hamda savodxonligi rivojlanishida juda muhim. Shu o‘rinda bir savol, kim farzandining oxirgi marta qanday badiiy kitob yoki matbuot nashrini o‘qigani haqida izoh bera oladi? Yoki farzandingizga qanday uy vazifa berilganini, baholarini, kundalik daftarini nazorat qildingizmi? Bugun aksariyat ota-onalar farzandlarimizning kelgusi hayotini belgilovchi ushbu omillarga e’tiborsizlik bilan yondashayotgani achinarli.


Past Darg‘om tumanidagi 28-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida muassasa rahbari M.Abdiyevaning a’lochi o‘quvchilarni, faol pedagoglarni rag‘batlantirish, ularni ijtimoiy himoyalash, muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sinflarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash, chet tillarni o‘qitish tizimini yanada rivojlantirish, mamlakatimizda tashkil etilgan Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibrat, Erkin Yusupov, Muhammad Yusuf nomidagi maktab-internatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga doir takliflari tinglandi.
Taqdimot tadbirlarida kuzatuvimizcha, davlatimiz rahbarining "Biz yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat qurish yo‘lida qanday ish qilsak,  ularning barchasini xalqimiz bilan bamaslahat qilamiz" mazmunidagi talabiga bir tomonlama yondashildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yana mulohaza bildirgan, taklif beruvchi – maktab rahbari, qaysidir jonkuyar pedagog yoki mahalla faoli. Tadbirlarda ishtirok etgan onalar, har doimgiday sanoqligina otalar hamon jim. Maktab va ota-onalarning ta’lim va tarbiyaviy maqsadlardagi hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan, farzandlar, jamiyat kelajagi uchun muhim hisoblangan bunday yig‘ilishlarda hamma faol bo‘lishi, taklif va mulohazalar bildirishi ta’limda ijobiy samara beradi, jamiyat rivojiga xizmat qiladi.