Ota-onasidan ayrilgan 78 nafar bolaga kiyim-kechak, “ayollar daftari”dagi 30 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi topshirildi
Camarqand shahridagi 2-sektor hududida "Yangi O‘zbekiston - yangicha dunyoqarash" shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda muhtojlarga muruvvat yordamlari ko‘rsatildi.
Tadbir doirasida shahar hokimligi va prokuratura tashabbusi bilan ichki ishlar, xalq ta’limi bo‘limlari hamda shahar tibbiyot birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan bayram dasturxoniga turli sabablarga ko‘ra ota-onasidan ayrilgan 78 nafar o‘g‘il-qizlar, kam ta’minlangan, ishsiz, “ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi 30 nafar xotin-qiz taklif etildi. Bolalarga qishki kiyim-kechak, xotin-qizlarga esa bittadan zamonaviy tikuv mashinasi sovg‘a qilindi.
Shuningdek, turli mavzudagi tanlovlar, sport musobaqalari tashkil etildi. G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari ko‘ngli yarimlarga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).