O‘ta yirik miqdorda firibgarlik sodir etgani uchun qidiruvga berilgan jinoyatchi Latviyada ushlanib, O‘zbekistonga olib kelindi

Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan firibgarlik sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan jinoyatchi ekstraditsiya qilindi.
Toshkent va Rigada faoliyat yurituvchi Interpol MMBlarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari tufayli, ikki davlat mazkur tashkilotlarining rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida firibgarlikda ayblanayotgan xalqaro qidiruvdagi jinoyatchi O‘zbekistonga berilgan.

Qidiruvdagi shaxs bir necha yillar davomida o‘zini AQShning Toshkentdagi elchixonasi xodimi sifatida tanishtirib AQShga ketish istagidagi shaxslarga hujjatlarni rasmiylashtirish, xorijga chiqishga ruxsat olishda o‘z xizmatlarini taklif qiladi. Xizmatlari esa tekin bo‘lmagan, albatta. Shu tariqa, firibgardan ancha insonlar jabr ko‘rdi.

Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xabariga ko‘ra, jinoyatchini qo‘lga olish oson bo‘lmagan. Chunki u O‘zbekistondan chiqib ketganidan keyin shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirib, xorijiy davlatning soxta pasportidan foydalangan holda, jinoiy faoliyatini davom ettirgan. O‘zini hamon elchixona xodimi sifatida tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan jabrlanuvchilarning pul mablag‘larini o‘zlashtirib olgan.

Qidiruvda bo‘lgan shaxsni aniqlash bo‘yicha uzoq davom etgan jarayonlardan so‘ng uning chet el pasportini soxta, shaxsiy ma’lumotlarini esa haqiqiy emas deb topilib, Toshkent va Riga Intnerpolning MMB birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida huquqbuzarning shaxsi aniqlanib, qo‘lga olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgandan so‘ng jinoyatchi Interpol MMB xodimlari hamkorligida O‘zbekistonga olib kelingan.