Turmush chorrahalarida: BUQALAMUNGINA OTAJONIM-A!
Ayoli olamdan o‘tgandan so‘ng Jaynar ota jufti haloldan judo bo‘lish nima ekanligini bildi. Kampiri go‘yo beli bukchaygan daraxtni suyab kelgan tirgak ekan. U bexosdan g‘oyib bo‘lib qolgach, yuztuban ketdi, xotiniga qaram katta o‘g‘lining qaramog‘ida qolib, betgachopar, shaddod kelinining qo‘lida tobe bo‘ldi-qoldi.
Keyingi hayoti shu holda davom etsa, ahvoli hozirgidan yuz badtar yomon bo‘lishini payqagan chol benihoya ehtiyotkor, ustamon, ayyorlikka o‘tdi. Kelinining yaxshi muomala, maqtovga, xushomadga suyagi yo‘qligini sezib, unga shu xilda laganbardorlik qila boshladi. Hammamiz ham shuku-ya, ammo «qalovini topsang, qor ham yonar».
Chol o‘z o‘g‘lini yomonlayversa, keliniga haddan tashqari yoqishini, obro‘si, izzat-hurmati yanayam ortishini anglab, ikki gapning birida farzandini yomonlab, qo‘qimdan olib, qo‘qimga tiqaverdi.
Kelinining mashmashasi haddan oshib ketsa, chol o‘ziga jangovar qalqon - tayanch bo‘ladigan umr yo‘ldoshini xotirlab, bir panaga o‘tib yum-yum yig‘lardi. «Ha, kampirim-a, tirigingda qadringga yetmadim, o‘lganingda izlab topmadim…».
Kelini ertalab bir choynak choy, bitta non, kosada shirchoyni xontaxta ustiga «to‘q» etkazib qo‘yar va odatiy tarzda qaynotasining biron kamchiligini yuziga solardi.
Har gal xontaxta ustiga kosa yulqinib qo‘yilishining o‘zi qariyaning yuragiga tig‘dek sanchilar, qo‘rs aytilgan kamchiligi miyasini parmalardi.
- Choy yuqingizni sepmang poygohga, chekkan nosingizni biron idishchaga tuflang degandim-ku kecha!? Qulog‘ingiz karmi? Har kuni isqirt yig‘ishtiraveradigan o‘nta qo‘lim yo‘q mening.
Rahmatli kampiri tirik bo‘lganida shu noxushliklar bo‘larmidi, deysiz. Sharoit keskin tus olganini sezib, chol darhol murosaga o‘tadi. Buqalamundek eshilib evriladi:
- E, kelin, xafa bo‘lma, biz eski zamonning odamlarimizda. O‘qimaganmiz.
- O‘g‘lingiz ham shu edi, haliyam tartibga oldim. Hozir bir ho‘plam choyni poygohga sepib ko‘rsin-chi, nima qilarkanman uni. Tur desam turadi, o‘tir desam o‘tiradi, yur desam yuradi.
- Ha-a, buni bilaman, bilaman.
- Nos chekkaningiz chatoqda. Shuni tashqariga borib tuflasangiz bo‘lmaydimi?
- Qaridimda, bolam, holim yo‘q.
- Endi gapni eshiting, men sizga do‘kondan tufdon sotib oldim. Yaltillagan, yangi tufdon. Nosingizni endi avaylabgina ana shunga tupiring, ota!
- E, baraka top, qizim, baraka top! Bu ishni zo‘r qilibsan! «Erni er qiladigan ham, qora yer qiladigan ham xotin», deganlari shu-da. Yanayam mahkamroq ushla eringni – tur desang tursin, o‘tir desang o‘tirsin, yur desang yursin, emakla desang ekmaklasin. Eng yaxshi kelinim o‘zing bo‘lasan. Tunov kuni shim kiyganingni ko‘rib, maymun devorganimga xafa bo‘lding-da! Kechir meni!
- U gapni unutib yuborganman allaqachon, ota. Adovat, kin saqlaydigan odatim yo‘q. O‘shandayam siz haq edingiz, hozir ham haqsiz.
- Iye, nimaga haq bo‘larkanman?
- Siz eng katta qizim Nozimaning maktabiga ketar chog‘i kiyinishini bir ko‘ring, ota, maymun ham emas, shim kiyvolgan kaltakesak deb o‘ylaysiz. Mening shim kiygandagi nusxam-a! Iltimos, shuni bir tarbiyaga chaqiring, ota! Urishib qo‘ying! Qo‘lida uyali telefon, qulog‘ida «naushnik», kiyim-boshi ochiq-sochiq…
- Eringni qo‘lga olganingdan ko‘ra oldin qizingni qo‘lga olsang bo‘lmasmidi?
- Yo‘q, kuchim yetmaydi qizimga, ota. Tili-zaboni chatoq!
- Qush uyasida ko‘rganini qilibdi-da. Shu bugunoq buning oldini olaman. Sovg‘a qilgan tufdoning kuch berdi menga, tozalik, tartibga chorladi. Balli, balli! O‘g‘limning jilovini qattiqroq ushla, bolaligida ham shunaqa o‘jar edi. Men sen tarafdaman, qo‘rqma!
- E, nimadan qo‘rqaman, ota. Bu uyda erim emas, men xo‘jayinman. Maymun emish-a! Hali shunaqangi o‘ynatayki uni, maymun ham ip esholmay qolsin!
- Ha, balli, balli, yasha! Ana o‘zi ham kelib qoldi… Qalay, o‘g‘lim, ishlaring zo‘rmi? Charchadingmi? Ma, bir piyola choy ich. Ha, bolam, balli, yaxshi yigit bu.
- Ha, buqalamungina otajonim-a!
Murodim UMRZOQOV.