Ayolga baxt bering, saodat bering, demang yuribdi-ku kulib, jilmayib

Zulfiya Mo‘minova 1959 yil 15 iyulda Narpay tumani Qoratov tog‘ining yon bag‘rida joylashgan so‘lim qishloqda tug‘ilgan.

Qishlog‘ida xalq ijodini juda yaxshi tushunadigan va ijro etib bera oladigan insonlar yashaydi. "...Bolaligimdan Mo‘min oqin bobom bir necha soatlab dostonlar kuylashlarini eshitardim. Yillar o‘tdi, ko‘p suvlar oqib ketdi, ammo xalq og‘zaki ijodi hanuz she’rlarimda jaranglaydi...", deb eslaydi shoira.

U 1983 yili ToshDUning filologiya fakultetini yakunlaydi. So‘ngra “Saodat” jurnali hamda radioda ishlashni boshlaydi.

Zulfiya Mo‘minovaning ilk she’riy to‘plami “Vatan tashlab ketmaydi” deb nomlangan. Bu kitob 1988 yilda chop etilgan. Shundan so‘ng “Beshiklarni asragin”, 1993 yilda “Yonayotgan ayol”, 1997 yilda “Azizim, baxtiyorman” kabi she’riy to‘plamlari bosmadan chiqdi. Ayniqsa, “Yonayotgan ayol” to‘plami kitobxonlarga manzur bo‘ldi.

Shoira 2000 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan, 2021 yilda "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" faxriy unvoni bilan mukofotlangan.

***

ONAM OYNING QIZI

Onam oyning qizi oyshahar edi,

Otam tog‘lar o‘g‘li toshchaynar edi.

Onam ohularning ko‘zidan o‘pib,

Otam ayiq bilan tosh o‘ynar edi.

Onam aytsa, sellar o‘pkasin bosib,

Aylanib o‘tishni yo‘lin qilardi.

Otam saratonga choy damlab berib,

O‘tganu ketgandan gurung qilardi.

Bir muanbar o‘ylar, muattar bo‘ylar,

Onamning  boshida durrasi edi.

Rashk degan joyida, fe’li aynisa,

Otamizg‘irinning jo‘rasi edi.

Qahraton qaqshardi qizg‘onishidan,

Biz muzlab qolardik, qotib qolardik.

Erkak zoti kelsa darvozamizga,

Hovlining to‘riga qochib qolardik.

Qattiq qizg‘onardi otam onamni,

“Tishingni oqini ko‘rsatma!”- derdi.

Onam yayramadi uning zug‘midan

“Er degan shundayin bo‘ladi” - derdi.

Otam havlimizda ko‘tarsa bo‘ron

Uchta qiz eshikni ochgancha qiya,

Sim–sim yig‘lar edik, jim yig‘lar edik,

O‘ksirdik onamni sevmaydi, deya.

Onam vafot etdi qirq bir yoshida,

Ko‘p erta chorladi u dunyoi chin.

Otam ko‘nikmadi onamsiz baxtga,

Otam uylanmadi onamdan keyin.

Biz esa...

O‘ksibmiz onamni sevmaydi, deya.

 

Onam oyning qizi oyshahar edi,

Otam tog‘lar o‘g‘li toshchaynar edi.

* * *

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Gar ko‘zlari kulib tursa-da,
Bo‘g‘zining ostida necha ming hasrat,
Oy yuzlari kulib tursa-da…

Ko‘nglini ko‘taring hech bo‘lmaganda,
Qo‘lini silashga shafoat toping.
Yig‘lab turganida hech bo‘lmaganda,
Yoshini artishga muruvvat toping.

Nogoh yerga tushsa oppok ro‘moli,
Bosib o‘tmaslikka shafoat toping.
Chaqaloq yalagan etaklarini
Toza deb aytishga adolat toping.

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Illohi nur toping, hidoyat toping.
Illohi baxt bergan ayol yonidan
Baxtiyor o‘tmokqa inoyat toping.

Illohi qalqonsiz, illoh qo‘rg‘onsiz
G‘iybatlar yirtmasin ko‘ylakkinasin.
Illohi hushyorsiz, illoh bedorsiz,
Itlar tishlamasin yurakkinasin.

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Tog‘ qimirlab, toshlar so‘zga kirsa-da,
Ayolga baxt bering, saodat bering —
Oltmishga kirsa-da, yuzga kirsa-da.