"Otang — mahalla, onang — mahalla»: Samarqandda 1126 ta mahalla, ularda 6500 dan ortiq “mahalla yettiligi” xodimlari faoliyat yuritib kelmoqda

Viloyatimizdagi har bir mahallaning muammolarini hal yetish, qiyofasini tubdan yangilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholini rozi qilish yo‘lida ustuvor vazifalarni amalga oshirilishini maqsad qilib olganmiz.
Ayniqsa, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, migratsiyadagi fuqarolar bilan doimiy ishlash hamda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini hayotga tatbiq etish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Haftaning shanba kuni hasharlar uyushtiryapti.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bugungi kunga qadar 1 million 842 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Jumladan, 25632 ta kambag‘al oila xonadonida 184 ming 126 tup, 1807 nafar yakka yolg‘iz keksalarning xonadonida 10 tupdan ko‘chat ekildi. Shuningdek, aholi xonadonlari va ko‘chalarda gul va uzum-tok ko‘chatlari ekish ishlari boshlandi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida og‘ir toifadagi 101 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 323,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Ushbu mablag‘ hisobidan 87 mahallada aholi tomorqasini sug‘orish tizimi yaxshilanadi. Ayni paytda ob’yektlarda yer hamda beton qoplamalarini o‘rnatish boshlanib, 55 ta ob’yektda quduq burg‘ulash ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, elektr ta’minotini yaxshilash uchun 87,2 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 222 ta transformator o‘rnatish, 494 kilometr elektr tarmog‘i tortish, ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan 49,9 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan 71,7 kilometr yo‘llarni asfaltlash, 7,5 kilometr yo‘llarni shag‘allashtirish, 31,9 kilometr piyodalar yo‘lagini barpo yetish bo‘yicha prognoz-rejalari tasdiqlandi.
Bundan tashqari, mazkur mahallalarda 2669 nafar ishsizlarning bandligi ta’minlandi, 1043 nafar kambag‘al oila a’zolariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, ularning 314 nafar farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirildi.
Shuningdek, tijorat banklari bilan hamkorlikda “Sayxunobod tajribasi” asosida 121,3 mlrd. so‘mlik 9144 ta mikroloyiha amalga oshirildi va 18 mingga yaqin kishining bandligi ta’minlandi.
“Uychi tajribasi” asosida “mijozbay” ishlash orqali 429 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Og‘ir toifadagi 101 ta mahallaga biriktirilgan 25 ta vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida reja-grafik asosida sayyor qabullar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. 397 ta mahallada aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etildi.
Xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha barcha mahallalarda “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “qizil” toifaga kiritilgan 498 ta mahallaga inson yuzini va transport vositalarini tanib oluvchi kamera va videokuzatuv kamerasi o‘rnatildi.
Shuningdek, muqaddam sudlangan va ma’muriy nazoratdagi shaxslarni ijtimoiylashtirish maqsadida, ularga 2204 nafar “mahalla yettiligi” a’zolari, 1579 nafar ko‘chaboshi hamda 1936 nafar nuroniy vakillari biriktirildi.
Migratsiyadan qaytib kelgan 6901 nafar fuqarodan 6545 nafarining bandligi ta’minlandi hamda 81 nafariga moddiy, 356 nafariga huquqiy yordam ko‘rsatildi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 30 yanvardagi PF-16-son farmoni 24-bandida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Navro‘z umumhalq bayramiga qadar “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” tanlovini o‘tkazish belgilangan edi.
Viloyatimizda tanlov jarayonlari yuqori saviyada tashkil etilib, mahalla va tuman (shahar) bosqichlarida 654 nafar mahalla raisi, 1321 nafar ko‘chaboshi va 2780 nafar xonadon egalari ishtirok etdi. 18 mart kuni tanlovning viloyat bosqichi o‘tkazilib, uch yo‘nalish bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Navro‘z bayrami va Mahallalar kuni arafasida viloyatimizdagi mahallalarda 50 ga yaqin yangi ob’yektlar foydalanishga topshirildi va mahallalarimizda bayram tadbirlari o‘tkazildi. Bu tadbirlar Ramazon oyida o‘tkazilayotgani tufayli mehr-muruvvat va saxovat ishlari bilan uyg‘un tarzda olib borildi. Xususan, 946 ta kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar hamda 280 ta nogironligi bor oilalar uchun ehson iftorliklari o‘tkazildi.
Ayni paytda viloyatimizdagi barcha mahallalarda shu yilning may-iyul oyilarida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘ini sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Sherali Yo‘ldoshev,
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i.